Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 20-25 iyun kunlari oralig‘ida AQSH va Misrga boradi. AQSHda Modi Prezident Jo Bayden bilan uchrashadi, Kongressda nutq so‘zlaydi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida Yoga kunini o‘tkazadi, deb xabar berdi Hindiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
“Tashrif Nyu-Yorkdan boshlanadi, bu yerda Bosh vazir 21 iyun kuni Xalqaro yoga kuni marosimiga rahbarlik qiladi”, deyiladi axborotda.
2014 yil BMT Bosh assambleyasi shu kunni bayram etib tayinlash to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilgan.
Qolgan rasmiy tadbirlar Vashingtonda o‘tadi. Modi Amerika kompaniyalari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazadi. AQSHda istiqomat qilayotgan hind diasporasi vakillari bilan ko‘rishadi. Shundan keyin Bosh vazir Modi 24-25 iyun kunlari Misr Arab Respublikasida bo‘ladi. Prezident Abdul Fattoh As-Sisi taklifiga binoan amalga oshiriladigan safarda ko‘plab rasmiy uchrashuvlar rejalashtirilgan.
Darvoqe, Hindiston hukumati rahbari Misrga ilk bor tashrif buyurmoqda.
O‘zA