Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qonliko‘l tumanidagi fermer xo‘jalik rahbari mazkur fermer xo‘jaligiga hamda o‘ziga aloqasi bo‘lmagan 3 ta fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan jami 620 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 400 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 200 ming AQSH dollarini o‘z qarindoshi orqali olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Oqdaryo tumanidagi fermer xo‘jalik rahbari mazkur xo‘jalikning 1,5 gektar yer maydonini issiqxona tashkil qilmoqchi bo‘lgan fuqaroga 120 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 60 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa holatda esa “Urgut Savdo Kompleksi” MCHJda ishlovchi shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, unga mazkur savdo kompleksi hududidan 60 kvadrat metr yer maydoni olib berish uchun 40 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Namangan viloyat kichik sanoat zonalarini boshqarish va muvofiqlashtirish direksiyasining tumanlardan biridagi mas’ul xodimi o‘zi faoliyat yurituvchi tumanda joylashgan kichik sanoat zonasi hududidan 80 sotix yer maydoni olib berish uchun tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarodan 300 mln. so‘m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zA