Xalqaro Mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan Jenevada o‘tkazilgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 111-sessiyasi doirasida Senat raisi Tanzila Norboyeva AQSH mehnat vazirining tashqi ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Tea Li hamda AQSHning xalqaro mehnat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Kelli Fey Rodriges bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida mehnat munosabatlari sohasidagi hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.
– Mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha hamkorlik samarali bo‘lmoqda, – dedi Tanzila Norboyeva. – Real natijalarga erishib, mehnat sohasidagi muammoning siyosiy qismini hal qilganimizdan so‘ng asosiy amaliy ish ko‘lami boshlandi. Ya’ni munosib bandlik sharoitlarini yaratish, mehnat sohasiga xalqaro standartlarni joriy etish ustuvor vazifaga aylandi.
Tea Li O‘zbekistondagi mehnat munosabatlari sohasidagi islohotlar hamda XMT bilan hamkorlikning hozirgi darajasini yuqori baholadi. O‘zbekiston XMT va tashkilotga a’zo asosiy davlatlar bilan bolalar mehnati hamda majburiy mehnatga barham berish masalasida qisqa vaqt ichida konstruktiv hamkorlikda katta muvaffaqiyatlarga erishganini olqishladi.
Uchrashuv yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan manfaatdor idoralar bilan maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Germaniya mehnat va ijtimoiy masalalar federal vaziri Xubertus Xayl bilan kechgan muzokaralarda esa asosiy e’tibor ushbu mamlakat bilan birgalikda ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, bandlik dasturlarini ijtimoiy himoya bilan bog‘lash va ushbu tarmoqlarni raqamlashtirish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish masalalariga qaratildi.
T.Norboyeva yil sayin qamrovi kengayib borayotgan oliy darajadagi siyosiy muloqot tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda, shu jumladan, mehnat munosabatlari yo‘nalishida ham hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani, mehnat sohasida xalqaro standartlarni joriy etish, ish beruvchilar salohiyatini oshirish borasida Germaniya tajribasi muhimligini ta’kidladi.
X.Xayl ikki tomonlama aloqalarning ijobiy dinamikasiga to‘xtalib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochayotgan mehnat munosabatlari sohasidagi kelishuvlarni yuqori baholadi. Germaniya mehnat jarayonlarini faollashtirish va buning uchun ishonchli huquqiy asos yaratish orqali iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdor ekanini alohida qayd etdi.
XMTning BMTdagi maxsus vakili Beate Andreyes bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar XMTning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
T.Norboyeva o‘z so‘zida O‘zbekiston hamisha xalqaro mehnat standartlariga rioya qilishga sodiqligini, bu yo‘nalish siyosatimizda ustuvor bo‘lib qolishini, XMT bilan izchil hamkorlikni mehnat munosabatlari sohasida yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish orqali mustahkamlash zarurligini alohida qayd etdi.
Beate Andreyes mintaqaviy idoraning O‘zbekiston bilan konstruktiv hamkorligi davom ettirilishini ta’kidladi.
– Mamlakatingiz qisqa vaqt ichida erishilgan yutuqlar tufayli mintaqa davlatlari orasida ilg‘or o‘rinni egallaydi, – dedi B.Andress. – Tashkilotimiz bilan yanada ochiq hamkorlik qilish uchun O‘zbekistonda siyosiy iroda mavjudligini amalda his qilyapmiz. Shu munosabat bilan hamkorlikni kengaytirish masalasi XMT mintaqaviy vakolatxonasining ustuvor e’tiborida bo‘ladi.
N.Abduraimova, O‘zA