Ustozlar duosi, ulug‘ siymolar olqishi ijodkor-u tadqiqotchilarga qanchalik ma’naviy madad, beqiyos ilhom baxsh etishini izohlashga hojat bo‘lmasa kerak.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 14-oktyabr kuni Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so‘zlagan nutqida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi haqida aytgan quyidagi so‘zlari shu dargohda tahsil olayotgan talabalar qalbiga muhrlanib qolgan:
“Eng muhimi, bugungi kunda yurtimizdan Xorazmiy bobomizning munosib izdoshlari yetishib chiqayotgani barchamizni quvontiradi. Ana shunday yoshlardan biri, O‘zbekiston Milliy universitetining matematika fakulteti talabasi, Xorazm farzandi Hakimboy Egamberganov bunga yaqqol misoldir. Bu iste’dodli yigitimiz qatorasiga uch yil – 2014, 2015, 2016-yillarda matematika bo‘yicha chet mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro fan olimpiadalarida oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Bunday yoshlar timsolida biz Xorazmiy bobomizning haqiqiy nabiralarini ko‘ramiz. Shunday bilimli, barkamol, Vatanga sadoqatli farzandlarimiz qancha ko‘paysa, O‘zbekistonning kelajagi shunchalik buyuk bo‘lishi muqarrar”.
Xo‘sh, davlatimiz rahbarining bunday ilhombaxsh so‘zlari qaysi talabaning qalbini jo‘sh urdirmaydi! Hakimboy Egamberganov sha’niga aytilgan bu so‘zlar nainki uning, balki o‘nlab tengdoshlarining ham qalbini to‘lqinlantirib yubordi. O‘tgan qisqa davr mobaynida O‘zMU talabalari bir nechta xalqaro olimpiada g‘oliblari bo‘lganlari haqida OAVda hozirjavoblik bilan yoritilgan maqolalar iqtidorli talabalarni yangi marralar sari ilhomlantirgan bo‘lsa ajabmas.
Navbatdagi xushxabar Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan keldi.
Shu yil 21-23-aprel kunlari Sankt-Peterburg shahrining ITMO (Sankt-Peterburg informatsion texnologiyalar, mexanika va optika milliy tadqiqot universiteti)da Shimoliy davlatlar universitetlari matematika olimpiadasi (NCUMC – North Countriyes Universitiyes Mathematical Competition) bo‘lib o‘tdi. Shu paytgacha faqat onlayn-internet orqali ishtirok etayotgan O‘zMU talabalari bu gal bevosita olimpiada maydonida kuch sinashishga muvaffaq bo‘ldilar.
Mazkur olimpiadada dunyoning 30 dan ortiq nufuzli universitetlaridan 150 ga yaqin eng iqtidorli talaba bellashdilar.
Hayajonli kechgan olimpiada natijalariga ko‘ra O‘zMU jamoasi 4 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, birinchi darajali diplomlar bilan taqdirlandilar! Bu gal Hakimboy Egamberganovning safdoshlari – Matematika fakulteti 4-, 3-, 1-bosqich talabalari Abdurahmon Aliyev, Sardor Bozorboyev, Tolibjon Ismoilov bo‘ldilar.
Bundan tashqari mazkur olimpiada onlayn tarzida ham o‘tkazilib, unda Matematika fakulteti 4-bosqich talabalari Shohruh Ibragimov, Mirmuhsin Mahmudov, 1-bosqich magistranti Bekzod Qurbonboyev oltin, 1-bosqich magistranti Muhriddin Hamidov kumush va 1-bosqich talabasi Ismoil Turg‘unov bronza medalini qo‘lga kiritdilar.
– Universitetimizda Hakimboy Egamberganov singari iqtidorli yoshlarning safi tobora kengayib borayotgani barchamizga g‘urur baxsh etadi, – deydi O‘zMU o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori, fizika-matematika fanlari doktori Davlatboy Jumaboyev. – Muhtaram Prezidentimizning 2018 yil 2 mart kuni “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, shu oliy mukofot bilan taqdirlanganlar orasida Matematika fakulteti 1-bosqich talabasi Bahora Abdusattorova ham borligi barchamizga g‘urur baxsh etgan edi. Demoqchimanki, universitetimiz Matematika fakultetining iqtidorli talabalari davlatimiz rahbarining e’tiboriga munosib ravishda a’lo baholarga o‘qib, xalqaro fan olimpiadalarida o‘zlarini namoyon etmoqda.
Oqqan daryo oqqani misol bu iqtidorli talabalar O‘zMU mangu mash’aliga aylangan Qori Niyoziy, Toshmuhammad Sarimsoqov, Sa’di Sirojiddinov kabi ulug‘ allomalarning munosib vorislariga, Mahmud Salohiddinov, Azimboy Sa’dullayev, Abdulla A’zam kabi akademiklarning umidli izdoshlariga aylanmoqdalar.
To‘lqin Eshbek, O‘zMU Axborot xizmati rahbari