Bugungi kunga kelib O‘zbekiston bo‘ylab elektromobillardan foydalanish ommalashib bormoqda. Elektromobillarni zaryadlash stansiyalari soni ham ortib bormoqda. Respublikamizning barcha hududlarida elektromobillarni zaryadlash qurilmalari mavjud. Biroq ekologik jihatdan foydali bo‘lgan transport vositalarining uzoq hududlarda ham ommalashuvini ta’minlash maqsadida e-auksion.uz elektron savdo platformasi orqali elektromobillarni zaryadlash stansiyalarini o‘rnatish huquqini beruvchi ko‘chma savdo joylari sotuvga qo‘yilmoqda.

Ayni paytda e-auksion.uz portalida 200 ga yaqin faqat ushbu yo‘nalish uchun mo‘ljallangan joylar savdoda turibdi. Tadbirkorlar ushbu joylarni sotib olishi va qurilmalarni o‘rnatgan holda o‘z faoliyatlarini kengaytirishlari mumkin. Savdoda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar ishtirok eta oladi.

Platformada onlayn auksionda ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan shaxs nomiga g‘oliblik bayonnomasi rasmiylashtiriladi.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan hamyurtlarimizga 37 mingga yaqin ko‘chma savdo joylari uchun onlayn savdoda ishtirok etishni va tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishlarini taklif etamiz.

O‘zA