AQSH Vakillar palatasi a’zosi, Respublikachi deputat Loren Bobert Kongressda davlat chegarasini himoya qilish bo‘yicha rasmiy vazifasini bajara olmagani uchun Prezident Jo Baydenga impichment e’lon qilish masalasini ko‘tardi.

Deputat ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday yozgan: Bayden janubiy sarhadimizni himoya qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy burchini to‘liq bajara olmayapti. Shu sababli men Kongressga uni lavozimidan chetlatish uchun impichment e’lon qilish bo‘yicha talab kiritdim.

Avvalroq “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida u Respublikachilar partiyasi a’zolarini Baydenni imkon qadar tezroq iste’foga yuborishga da’vat qilgan edi.

“Baydenning prezidentlik majburiyatini sodiqlik bilan bajarish haqidagi konstitutsiyaviy qasamyodi buzilayotganini inobatga olib hamda Vakillar palatasida ko‘pchilikni tashkil etganimiz uchun biz tashabbuskor bo‘lishimiz kerak, bu bizning burchimiz”, degan edi u.

May oyi oxirida Vakillar palatasining yana bir a’zosi Marjori Teylor Grin ham impichment masalasini ko‘tarib chiqqan.

O‘zA