Joriy yilning 4 aprelidan boshlangan mahalla yoshlari o‘rtasidagi “Besh tashabbus olimpiadasi”da hozirga qadar sport, madaniyat, san’at, kitobxonlik, axborot texnologiyalari va kasblar tanlovi bo‘yicha 19 yo‘nalishda 393 ming nafardan ortiq samarqandlik yoshlar qatnashdi.
Ular mahalla, sektor, tuman (shahar) va viloyat bosqichlarida bellashib, 309 nafari respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Samarqand shahridagi yengil atletika va o‘yin turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning erkaklar o‘rtasida stritbol bo‘yicha “A” liga bahslari boshlandi.
Musobaqada respublikamizning 14 hududidan kelgan 210 nafar qatnashchi 16-21, 22-26, 27-30 yosh toifalarida qatnashmoqda. Har bir jamoada 5 nafardan ishtirokchi g‘oliblik uchun bellashmoqda. Bahslar 15 iyun kuni yakunlanadi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA