Markaziy Osiyoda suvning 80 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun ishlatiladi.
BMTning Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash bo‘yicha bayonotiga ko‘ra, 2050 yilga kelib qurg‘oqchilik dunyo aholisining to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘iga ta’sir qiladi. Jahon tabiiy resurslar instituti va Britaniyaning “Economist Intelligence Unit” tashkiloti tadqiqotlariga ko‘ra 2040 yilga borib suv tanqisligiga eng ko‘p uchrashi taxmin qilinayotgan 33 davlat orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston ham bor.
O‘zbekiston Respublikasining asosiy suv manbai — Amudaryo va Sirdaryo hamda ichki daryolar, soylar va yer osti suvlaridir. Orol dengizi havzasidagi barcha manbalarning o‘rtacha ko‘p yillik suv oqimi 116 mlrd. m3ni tashkil etadi, shundan 67,4 foizi Amudaryo havzasida va 32,6 foizi Sirdaryo havzasida shakllanadi.
Mintaqada so‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishi, qor va yomg‘irlarning kam bo‘layotganligi, muzliklarning va yirik daryo havzalarida, kichik daryo va soylarda suv sarfining kamayib borayotganligi natijasida oxirgi 30 yilda aholi jon boshiga suv ta’minoti 3048 m3dan 1438 m3ga, ya’ni 53 foizga qisqargan.
Sug‘oriladigan ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash uchun har bir ekinning sug‘orish me’yorlari bo‘yicha talab etiladigan suv 54,4 mlrd. m3 bo‘lib, 2030 yilda mavjud suv miqdori 47,4 mlrd. m3ni tashkil etishi hisob-kitob qilingan.
Talabga nisbatan yetishmaydigan suvning
7,0 mlrd. m3 qismini suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish (2,0 mlrd. m3), irrigatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash-tiklash (2,2 mlrd. m3), suv xo‘jaligini raqamlashtirish (0,6 mlrd. m3), ekin maydonlarida qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish va suvsizlikka chidamli ekinlar ulushini ko‘paytirish (2,2 mlrd. m3) hisobiga qoplash imkoniyati mavjud.
Bugungi kunda respublikada suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va nazorati ostida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bunda AQSH, Xitoy, Turkiya, Avstraliya kabi xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rgangan holda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv bilan ta’minlashda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Darhaqiqat, 2018 yilgacha respublika bo‘yicha suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlar 28 ming gektarni tashkil qilgan bo‘lsa, bugunga kelib, bu ko‘rsatkich 1 mln. gektarga yetgan. Bu jami sug‘oriladigan maydonlarning 27 foizini tashkil etadi.
Suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydon hisobga olinganda, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston bugungi kunda O‘rta Osiyoda 1-o‘rinda, MDH davlatlari orasida 2-o‘rinda, Osiyo davlatlari orasida 4-o‘rinda, dunyoda esa bir qator yetakchi davlatlardan keyin 13-o‘rinda turibdi. 2025 yilga borib respublika bo‘yicha 2 mln. gektarga yoki jami sug‘oriladigan yerlarning 54 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi.
Bunday natijalarga erishishda ko‘p jihatdan O‘zbekistonda mavjud suv resurslaridan tejamli va samarali foydalanishni davlat tomonidan rag‘batlantirish hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tizimli choralar ko‘rilayotgani sabab bo‘lmoqda. Jumladan, 2019 yildan boshlab suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni subsidiyalash hamda imtiyoz va preferensiyalar berish yo‘lga qo‘yilib, 2019-2022 yillarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga jami 1 trln. 465 mlrd. so‘m (133 mln. dollar) subsidiya ajratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga (367-modda) asosan tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan yer maydonlari 5 yil muddatga yer solig‘idan ozod etilgan. Bundan tashqari, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlarga suv hisoblagich o‘rnatilganda suv solig‘idan 30 foiz imtiyoz qo‘llanilishi joriy etilgan.
Shuningdek, respublikada suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari uskunalari va butlovchi qismlarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish bo‘yicha 2019 yilgacha bor-yo‘g‘i 3 ta korxona faoliyat olib borgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 50 taga yetkazilgan. Ushbu texnologiyalar joriy qilingan maydonlarda suvni 40-50 foizga, mineral o‘g‘itlarni 25-30 foizga, yonilg‘i-moylash materiallarini
30-35 foizga, ish haqini 25 foizga kamaytirish, shuningdek, hosildorlikni, jumladan, paxtachilikda 30 foizgacha oshirish imkonini beradi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda suvni tejash va undan samarali foydalanishga yuqori darajasida e’tibor qaratilayotgani va qisqa fursat ichida erishilgan natijalar albatta, diqqatga sazovordir.
O‘zA