Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi “Yusuf xo‘ja” fermer xo‘jaligida joriy yilgi g‘alla o‘rim-yig‘imi boshlanishi munosabati bilan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda sektorlar rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, qishloq xo‘jaligi bo‘limi mas’ullari, fermer hamda mexanizatorlar qatnashdi.
Tuman hokimligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, seminar ishtirokchilariga 1 iyulga qadar davom etadigan g‘alla o‘rim-yig‘imi ishlarini sifatli tarzda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, 2023 yilgi g‘alla hosili uchun tumandagi 361 ta fermer xo‘jaligining jami 7000 gektar yer maydoniga g‘alla urug‘i ekilgan edi. “Qipchoq g‘alla klasteri” mas’uliyati cheklangan jamiyati 5861 gektar, “Amu Rich Harvest” mas’uliyati cheklangan jamiyati 1139 gektar ekin maydonlarida yetishtirilgan g‘alla hosilini xarid qilish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma imzolagan. Tuman bo‘yicha joriy yilgi mavsumda g‘alla klasterlarining qabul maskanlariga qabul qilinadigan jami don miqdori 16 ming 460 tonnani tashkil etadi. Yetishtirilgan hosilning 1450 tonnasi urug‘lik don uchun, 8000 tonnasi esa iste’mol uchundir. Undan tashqari, joriy yilgi hosildan 7010 tonna don mahsuloti birja savdolari uchun vaqtincha saqlashga yo‘naltiriladi.
Joriy yilgi g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, g‘allani o‘rishga tayyorlashdan tortib, uni qabul maskanlariga eltishgacha bo‘lgan jarayondagi ishlarni tizimli ravishda tashkil qilish maqsadida shtab tashkil qilinib, 24 ta o‘rim otryadi tuzilgan va ularga 24 ta kombayn biriktirildi.
Kombaynlar bilan bir qatorda mavsumda don tashishga mo‘ljallangan hamda xizmat ko‘rsatadigan texnikalar ham jalb qilinib, ularning ham mavsum davomida to‘liq ishchi holatida bo‘lishini ta’minlash choralari ko‘rildi. Undan tashqari, g‘alla o‘rim-yig‘imini betalafot va xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkazish maqsadida tuman Ichki ishlar bo‘limi, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, Milliy gvardiya tuman bo‘limining jami 52 nafar xodimi jalb qilindi.
Seminar yakunida g‘alla maydonlarida o‘rim-yig‘im oldidan yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish, g‘allaning isrof bo‘lib o‘rilishiga yo‘l qo‘ymaslik, o‘rilgan g‘alla maydonlaridagi somonlarni yoqmaslik borasida fermer xo‘jaliklarining mutasaddi xodimlariga, g‘allakor va mexanizatorlarga tushuntirishlar berildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA