O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha ishonchli vakili Bayrambay Otemuratov Xo‘jayli tumanidagi 5-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida saylovchilar bilan uchrashdi.
Unda hudud faollari, tuman Kengashi deputatlari, faxriylar, xotin-qizlar va yoshlar, keng jamoatchilik vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Ishonchli vakil saylovchilarni nomzodning hayoti, mehnat faoliyati, beshta ustuvor maqsadni qamrab olgan saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.
Xususan, 2023 yilga qadar maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplanishi va qamrov 100 foizga yetkazilishi, 2030 yilgacha barcha tuman va shaharlarda “Iste’dod – intilish – istiqbol” deb nomlanadigan maktab-internatlar tashkil etilishi va umuman, ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida ishonchli vakil barchani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chaqirdi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA