O‘mon Sultonligi Sport ta’minoti va rivojlantirish bo‘yicha bosh direktori Xisham Al-Sinani, mamlakat og‘ir atletika qo‘mitasi raisi Aidx Al-Madxari boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov mehmonlarni o‘zbek sportining shonli tarixi, mamlakatimizda olimpizm harakati va sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini kuchaytirishga qaratilayotgan e’tibor, yurtimizda sport harakatini yangi bosqichga olib chiqish borasida so‘zlab berdi.
O‘monlik mutasaddilarda Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi katta qiziqish uyg‘otdi. Tashkilot faoliyati bilan yaqindan tanishib, atletlar uchun markazlashgan tizimda xizmat ko‘rsatuvchi bunday muassasa borligi professional sportda katta natijalarga erishishda muhim omil ekanligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida og‘ir atletika bo‘yicha O‘mon terma jamoasi yirik musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishda hamyurtlarimiz bilan birga qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etish, boshqa sport turlarida ham bunday hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy sport yutuqlari bo‘yicha tajriba almashish kabi mavzular xususida fikrlar bildirildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA