O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas’ullari ishtirokida “Yoshlarning bandligiga ko‘maklashish masalasi qanday hal etilyapti?” mavzusida o‘tkazilgan ovozli chatda shu va boshqa savollarga javob berildi.
– Yarmarkalarda bo‘sh ish o‘rinlari ko‘rsatiladi. Yarmarka davomida ishga to‘g‘ridan to‘g‘ri joylashganlar yoki yo‘llanmalar olib, yarmarka tugaganidan so‘ng ishga joylashadigan yoshlar ko‘p uchraydi. Davlatimiz rahbarining 2022 yildagi topshiriqlariga asosan oliy ta’lim muassasalarida karera markazlari tashkil etildi. Ushbu markazlar orqali talabalar ishga joylashtirishga yo‘naltirilmoqda, –dedi Bahrimurod Jo‘raqulov.
Aygul Farhodova: Qoraqalpog‘iston respublikasidan murojaat qilyapman. Singlim oliy ta’lim muassasasini bitirib, ishga joylashish uchun ko‘plab tashkilotlarga murojaat qildi. Undan 3 yillik staj talab qilishyapti. Shu to‘g‘rimi?
– Oliy ta’lim muassasalarini tugatgan yoshlarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov bo‘lishi mumkin emas. Bu yangi tahrirdagi mehnat kodeksida ham qat’iy belgilangan. Ularni 3 yilgacha sinov muddati bilan ishga qabul qilish degan talab ham yo‘q. Ishga qabul qilishda ulardan staj talab qilish mumkin emas, – dedi Begzod Olimov.
N.Rahmonova,
Yo.Meliboyev (video), O‘zA