Namanganning “Navbahor” jamoasi o‘tgan mavsumda mamlakat superligasida kumush medalga sazovor bo‘lib, Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etishi huquqini qo‘lga kiritgan edi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi (“AFC”) tomonidan mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston uchun “2+2” ko‘rinishida yo‘llanmalar taqdim etilgan. Shu sababli, “Navbahor” futbolchilari chempionlar ligasining guruh bosqichidan joy olish uchun Osiyo chempionlar ligasi 2023/2024 yillar mavsumi taqvimiga ko‘ra, “pley-off” bosqichi doirasida ikkita o‘yin o‘tkazishi lozim. Klub matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Samvel Babayan shogirdlariga Ummonning “Al-Sib” va Qatarning “Al-Vakra” jamoalari raqib bo‘ladi. Ummonliklarga qarshi kechadigan uchrashuv Namanganda, qatarliklar bilan bo‘ladigan bahs esa arablar maydonida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Al-Sib” klubini litsenziyalash talabini bajarmaganligi bois, “Lochinlar” Osiyo chempionlar ligasi saralashini ikkinchi bosqichdan boshlashi, ya’ni, Namangandagi o‘yin o‘tkazilmasligi borasida xabarlar tarqaldi. Biroq, “Al-Sib” klubi rahbariyati o‘z rasmiy saytida jamoa milliy chempionat va xalqaro musobaqa litsenziyasini olgani aytilmoqda.

Demak, “Navbahor” ning OFK kubogi sohibi “Al-Sib” jamoasi bilan bahsi joriy yilning 15 avgust kuni Namangan shahridagi “Markaziy” stadionda bo‘lib o‘tadi. Mazkur juftlikda “Navbahor” g‘alaba qozongan taqdirda 22 avgust kuni Qatar yulduzlar ligasi ishtirokchisi – “Al-Vakra” klubiga qarshi safarda to‘p suradi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.