FOTOREPORTAJ

Yozgi ta’til davrida bolajonlarning miriqib hordiq olishi va sog‘lomlashtirilishida bolalar oromgohlari faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yil Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 11 ta statsionar turdagi oromgoh va 69 ta kunduzgi bolalar madaniyat va sog‘lomlashtirish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, mavsum davomida ularda jami 23 ming 660 nafar maktab o‘quvchisining dam olishini tashkil etish belgilangan.

Taxiatosh tumanidagi “Oydin yo‘l” bolalar oromgohida joriy birinchi smenaga Taxtako‘pir, Qorao‘zak, Kegeyli, Xo‘jayli va Nukus tumanlaridan 122 nafar o‘g‘il-qiz qabul qilindi.

Oromgohda bolalarning yozgi ta’til kunlarini maroqli tashkil etish uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. Boy kitob fondiga ega kutubxona, madaniyat markazi, sport maydonchalari bolajonlar ixtiyorida. “Tasviriy va amaliy san’at”, “Shaxmat-shashka”, “Stol tennisi” kabi to‘garaklar ishlab turibdi.  Shuningdek, “Yangi O‘zbekistonning iqtidorli yoshlari”, “Qizlar malikasi”, “Ertaklar olamiga sayohat”, “Yigitlar sultoni”, “Talant shou” tanlovlari, “Zakovat” intellektual uyini kabi qiziqarli dasturlarni tashkil etish an’anaga aylangan.

Oromgohda mavsum davomida 5 ta smenada jami 625 nafar o‘g‘il-qiz dam oladi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA