O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi, xususan, Benilyuks o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni ifoda etadi. Ushbu mamlakatlar aloqalari bugungi kunda turli sohalarni qamrab olgan holda jadal rivojlanmoqda.
Ayniqsa, bunday hamkorlik ravnaqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi Prezidenti raisi Sharl Mishel o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning 7 iyun kuni “Yevropa yashil haftaligi” anjumani doirasida O‘zbekistonning Belgiya Qirolligidagi elchixonasida o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda so‘z bordi. Unda O‘zbekistonning Belgiya Qirolligidagi elchisi Diler Hakimov o‘zbek OAV vakillari bilan qizg‘in muloqot qilib, keyingi yillarda mamlakatimiz va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi.
– Mamlakatimizning har tomonlama ravnaqida tashqi aloqalar ham muhim o‘rin egallaydi. Shu sababli, davlatimiz rahbari tomonidan diplomatik munosabatlarni mustahkamlash, xalqaro aloqalarni rivojlantirish va Yevropa davlatlari bilan har tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida bugungi kunda Yevropa Ittifoqi bilan yaqin muloqotlar mumtahkamlanmoqda va ushbu davlatlar O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishga intilmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi asosiy xalqaro hamkorlardan biri deb biladi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ikki tomonlama va mintaqalararo munosabatlarda yangi bosqich bo‘ldi. Ya’ni, o‘tgan yili tomonlar bir qator oliy darajadagi tadbirlarni, jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqotini, prezident Mishelning O‘zbekistonga tashrifini muvaffaqiyatli tashkil etdi.
Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishelning 2022 yil 27-28 oktyabr kunlari O‘zbekistonga ilk tashrifi, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi birinchi majlisidagi ishtiroki doirasida samarali muzokaralar va muhim kelishuvlarga erishildi. Shu o‘rinda, 2022 yilning 18 noyabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan “Global darvozalar” mavzusidagi “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” xalqaro konferensiyasi mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashda tarixiy voqea bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev konferensiya ishtirokchilari bilan uchrashuvda jadal rivojlanayotgan ikki muhim mintaqa o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, “Global darvoza” tashabbusini to‘liq amalga oshirish uchun raqamli transformatsiya, transport kabi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Ana shunday sa’y-harakatlar O‘zbekistonni Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sarmoya, savdo, moliyaviy va texnik yordam, yuqori texnologiyalar transferi, fan va texnologiyalar, ta’lim, atrof-muhit, turizm, sog‘liqni saqlash va madaniyat, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga imkoniyat yaratmoqda. Albatta, bu kabi aloqalarni mustahkamlashda Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Respublikasining elchixonalariga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Aynan bu borada O‘zbekistonning Belgiya Qirolligidagi elchixonasi shu talablarni ta’minlashga asosiy e’tibor qaratmoqda. Xususan, O‘zbekiston va Benilyuks davlatlari o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar ham aynan shu islohotlar ijrosiga qaratilgan, – dedi elchi Diler Hakimov.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar elchixona faoliyati bilan ham tanishdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA muxbiri,
Bryussel shahri