Maxachqal’a shahrida (Dog‘iston Respublikasi) Rossiya Federatsiyasi Federal majlisi Federatsiya kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining hamkorlik bo‘yicha komissiyasi sakkizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Tomonlar  Senat va Federal majlis o‘rtasidagi parlamentlararo munosabatlarning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Ikki davlat o‘rtasida turli sohalarda hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi. Xususan, fan, ta’lim va turizm yo‘nalishlaridagi aloqalarni mustahkamlash, mamlakatlarimizning mazkur sohalardagi imkoniyatlaridan kengroq foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.

Rossiya Federatsiyasi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 46 ming nafarni tashkil etadi. O‘zbekistonda Rossiyaning 14 oliy o‘quv yurti filiallari ochilgan (yana 7 tasi ochilishi rejalashtirilyapti).

Yig‘ilishda Rossiyada o‘zbekistonlik talabalar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimiz fuqarolari uchun Rossiya oliy o‘quv yurtlarida byudjetdan ajratilgan kvotalar sonini ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonda YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan diqqatga sazovor joylar ko‘pligini hisobga olib, Samarqandning madaniy poytaxt sifatidagi ahamiyati, Buxoro va Xivaning ham rossiyalik sayyohlar uchun jozibadorligi ta’kidlangan holda, Komissiya a’zolari turistik almashinuvlarni kengaytirishga katta qiziqish bildirdi.

Din va madaniyatlar o‘xshashligini inobatga olib, ziyorat turizmini yanada rivojlantirish taklif etildi. Shu nuqtai nazardan, Maxachqal’a – Derbent – Samarqand – Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha “Oltin xalqa” turistik yo‘nalishini ishlab chiqish g‘oyasi ilgari surildi.

Ishbilarmonlik va madaniy aloqalar rivojiga, sayyohlar oqimining ko‘payishiga katta hissa qo‘shayotgan Maxachqal’a va Toshkent hamda Buxoro o‘rtasida havo yo‘lagi bo‘yicha parvozlar sonini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Tomonlar O‘zbekistonda Dog‘istonning mashhur xalq shoiri Rasul Hamzatov tavalludining 100 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni joriy yilning kuzida nishonlash masalalarini muhokama qildilar.

Ayni paytda Dog‘istonda 8 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat qilmoqda. Dog‘iston maktablarida 200 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolarining farzandlari ta’lim olayotir. Ularning huquqlarini ishonchli ta’minlash, qulay yashash sharoitlari yaratish, mehnat va bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham Komissiya yig‘ilishi qatnashchilarining diqqat markazida bo‘ldi.

O‘zbekistonda dog‘istonlik adiblar asarlari, shuningdek, Dog‘istonda o‘zbek zamini allomalari va ulug‘ mutafakkirlari kitoblarini tarjima qilish va nashr etishda ijobiy tendensiya kuzatilayotgani ta’kidlandi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistonda Dog‘iston, Dog‘istonda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.

Komissiya a’zolari tomonidan Dog‘iston va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik ruhini mustahkamlashga, shuningdek, ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, uyushmalar, ma’naviy-ma’rifiy tashkilotlar va jamoatchilik o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladigan sayyohlik ko‘rgazmalari, forumlar, festivallar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish tashabbusi ilgari surildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston va Rossiya parlamentlari yuqori palatalarining konfessiyalar va millatlararo hamkorlikni mustahkamlashdagi roli masalasi ham ishtirokchilar diqqat markazida bo‘ldi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Parlamentlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonning tarixiy shaharlaridan birida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari tashrif doirasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik poyiga gulchambar qo‘yib, jang maydonlarida halok bo‘lgan dog‘istonlik askarlarning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

N.ABDURAIMOVA, O‘zA