Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida “Yoshlar oyligi” doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlarida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan festival yakuniga yetdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev ishtirok etdi.
Qonliko‘l tumanida boshlangan mazkur festival Orolbo‘yining barcha hududlarini qamrab oldi. Oylik doirasida tashkil etiladigan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy loyihalar mamlakatimiz poytaxtidan tashrif buyurgan taniqli olimlar, ziyolilar, shoir va yozuvchilar, san’atkorlar – “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati a’zolari ishtirokida “Ma’rifat soati” bilan davom etdi.
Shahar va tuman bolalar sport maktablarida suzish, kurash, gimnastrada, ctol tennisi bo‘yicha “Soliqchi kubogi”, shaxmat bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligi kubogi musobaqalari, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida yugurish marafoni tashkil etildi.
Festival doirasida “Hokim va yoshlar uchrashuvi”, “Mening farzandim – O‘zbekiston faxri!”, “Zamonamiz qahramonlari” loyihalari, “1+10” loyihasi bo‘yicha nuroniylar va yoshlar uchrashuvi, “Mening qonunim – mening taqdirim” loyihasi doirasida “Tafakkur sinovlari” tanlovi o‘tkazildi. Yoshlar sayllari davomida “Kitobxonlik viktorinalari”, kitob yarmarkalari, “Fashion night” modalar namoyishi, “Dunyo raqslari” shoulari, yosh rassomlar va hunarmandlar galereyasi, shaxmat, stol tennisi, tosh ko‘tarish musobaqalari, yosh gitarachilar va saksofonchilar chiqishlari, oliy ta’lim muassasalarining ko‘rgazmalari kabi turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar va sport musobaqalari yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Bugungi kunda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mamlakatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Davlatimiz rahbarining kelajak egalariga alohida e’tibori, ularga otalarcha g‘amxo‘rligi natijasida mamlakatimizda yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Yangi O‘zbekistonni, Yangi Qoraqalpog‘istonni barpo etishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni amalga oshirishda yoshlarning o‘rni tobora ortib bormoqda. Prezidentimizning farmoni bilan 30 iyun mamlakatimizda Yoshlar kuni deb belgilanishi – Uchinchi Renessans quruvchilari bo‘lgan yoshlar hayotida yangi davrni boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Nukus shahrida, Qonliko‘l, Ellikqal’a, Kegeyli tumanlarida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida san’at ustalarining gala-konserti va festival doirasida o‘tkazilgan sport musobaqasi va tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Mening farzandim – O‘zbekiston faxri!”loyihasi doirasida 10 nafar iqtidorli yosh va ularning ota-onasi, tanlov va musobaqa g‘oliblari, Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, ta’lim olayotgan 264 nafar talabaning shartnoma to‘lovi uchun jami 1,1 milliard so‘m mablag‘ to‘lash bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari yoshlar yetakchilariga vaucherlar topshirildi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA