Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Turkiy davlatlar tashkiloti Turk dunyosi universitetlari ittifoqi (TURKUNIB)ning maxsus yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

– Turk dunyosi universitetlari ittifoqi kengashi 2013 yilda tashkil etilgan bo‘lsada, hozirda uning Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Vengriyadan 40 dan ortiq a’zosi bor, – dedi yig‘ilishda onlayn ishtirok etgan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori Aziz Abduhakimov. – Turk dunyosi universitetlari ittifoqiga O‘zbekistonning bir qator universitetlari, jumladan, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Qo‘qon universitetlari a’zo bo‘lgan. Turk dunyosi universitetlari ittifoqining Samarqanddagi yig‘ilishi Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarining yetakchi universitetlari vakillariga har taraflama fikr almashinuvlar asosida oliy ta’lim sohasida hamkorlikni kuchaytirish istiqbolini belgilash imkonini berdi.

Tadbirda akademik hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, tajriba va bilimlarni almashish hamda qo‘shma ta’lim va tadqiqot dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashildi.

– Turk dunyosi universitetlari ittifoqiga a’zo oliy ta’lim muassasalarida umumiy ta’lim standartlarini ishlab chiqishni maqsad qilganmiz, – dedi Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari Sa’di Ja’farov. – Yuqori sifatli ta’limni ta’minlash uchun, avvalo, ta’lim standartlarini takomillashtirish zarur. Shuningdek, universitetlar o‘rtasida talabalar almashinuvi, amaliyot dasturlarini yaratish, almashinuv uchun stipendiyalar ajratish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Yig‘ilishda tashkilotga a’zo davlatlarning 50 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari vakillari va ekspertlar ishtirok etdi.

– Turk dunyosi universitetlari ittifoqi o‘zaro hamkorligimizni yanada yuksaltirish uchun katta imkoniyat, – deydi Ahmad Yassaviy xalqaro qozoq-turk universiteti vasiylar kengashi raisi Muhitdin Shimshek. – Ittifoq oldida juda katta maqsad va rejalar bor. Samarqand yig‘ilishida muhim masalalarda o‘zaro fikr almashib, kelgusidagi vazifalarni aniq belgilab olish talab etiladi. Yig‘ilishimizning Samarqandda o‘tkazilishi ham bejiz emas. Bu muqaddas tuproq xalqlarimiz tarixida ilm-fan, madaniyat rivojida muhim ahamiyatga ega maskan hisoblanadi. Shu jihatdan ushbu uchrashuvimiz ham ittifoq faoliyatida alohida ahamiyatga molik masalalar yechimini belgilab beradi, degan umiddaman.

Anjumanda Turkiy davlatlari tashkilotining Turk dunyosi universitetlari ittifoqi a’zolari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ta’limni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqotlar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA