Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida don hosilini yig‘ib olish mavsumida don qabul qilish va saqlash borasidagi ishlarni samarali tashkil etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda mirishkor dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan boshoqli don hosilini nobud qilmasdan yig‘ib olish bugungi kunning dolzarb vazifa ekani ta’kidlandi. G‘alla o‘rim-yig‘im mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan tuman bo‘yicha “Keys”, “Nyu xolland”, “Klaas” rusumli kombaynlar jalb etilishi rejalashtirilgan.  Maxsus texnikalarning ta’miri uchun 99 million so‘m ajratilib, mazkur mablag‘ bugungi kunda to‘liq o‘zlashtirilgan hamda sertifikatga ega bo‘lgan ehtiyot qismlar olib kelinishi ta’minlangan.

Ta’mirlash ishlarining sifatli bajarilishi “O‘zagroinspeksiya”ning To‘rtko‘l tuman bo‘limi xodimlar nazoratida bo‘ldi.

–Fermerlar tomonidan yetishtirilgan boshoqli donni sifatli qabul qilish, saqlash hamda nobud bo‘lishini oldini olish borasida bir qator vazifalar ijrosi ustidan tizimli nazorat o‘rnatiladi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning To‘rtko‘l tumani bo‘limi boshlig‘i Akbar Qoziyev. – Mavsumda don qabul qilish va saqlash shoxobchalari hamda omborxonalarini mavsumga tayyorlash, xalqimizning rizq-ro‘zi bo‘lgan don mahsulotlarini sifatli saqlash, mahsulotni o‘z vaqtida qabul qilish borasida belgilangan rejalar nazorat qilib boriladi. Jumladan, don qabul qilish shoxobchasidagi asfalt maydonlar, ko‘chma uzatish anjomlari, avtomobil tarozilari, brezentlar, o‘t o‘chirish qalqonlari va namuna olish xonalarida ta’mirlash ishlari o‘tkazilishi, laboratoriya jihozlari davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilganligi nazoratga olingan.

 

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri