Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri B.Qurbonovga “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga olingan harbiy xizmatga majburlarning jangovar tayyorgarligini saqlab turish borasida amalga oshirilgan ishlar holati to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida”gi masala ko‘rib chiqish uchun muhokamaga kiritildi.

Bugun dunyoning turli nuqtalarida tinchlik va osoyishtalikka tahdid va xatarlar, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yuz bermoqda. Bunday holatlar butun insoniyat qatori xalqimizni ham bezovta qilishi tabiiy. Ushbu xavflarga munosib qarshi tura olish uchun insonda chinakam vatanparvarlik, yuksak bilim va tafakkur, metin iroda bo‘lishi zarur. Mamlakatimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilish maqsadida harbiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlar doirasida mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimiz qudratini oshirish 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.

Qurolli Kuchlar rezerviga olingan harbiy xizmatga majburlarning jangovar tayyorgarligini saqlab turish mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan soha hisoblanadi.

Qurolli Kuchlar rezervidagi xizmatni huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida”gi qonunlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlarida rezervchilarning jangovar tayyorgarligi va harbiy hisobdagi ixtisoslik bo‘yicha majburiyatlarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan shaxsiy bilim ko‘nikmalarini saqlab qolishi va mahoratni takomillashtirishi hamda harakatlar taktikasini puxtalab olishi maqsadida o‘tkaziladigan o‘quv-mashq, sinov yig‘inlari va maxsus yig‘inlar tashkil etish kabi dolzarb vazifalar belgilangan.

Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan Qurolli Kuchlar tuzilmalarida, harbiy qism va muassasalarda bir qancha nazorat-tahlil tadbirlari, o‘rganishlar olib borildi. Shulardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri B.Qurbonovga sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash, mazkur normativ-huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berilishi so‘ralgan parlament so‘rovi yuborildi.

 

M.Komilova, O‘zA