Qozog‘istonning Olmaota shahrida jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhiga a’zo davlatlar parlamentlari ixtisoslashgan qo‘mitalari vakillarining II forumi bo‘lib o‘tdi.

Yevroosiyo guruhining 38-yalpi majlisi haftaligi doirasida o‘tkazilgan mazkur forumda Belarus, Rossiya federatsiyasi, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Xitoy, O‘zbekiston, Hindiston va Qirg‘iz Respublikasi parlamentlari hamda moliyaviy razvedka bo‘linmalari vakillari, shuningdek, BMTning terrorizmga qarshi kurash bo‘limi va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Parlament assambleyasi vakillari qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati qo‘mitasi raisi Narimon Umarov va Departament vakillari ishtirok etgan ushbu forum davomida Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruh (FATF) tavsiyalarini milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga joriy etish, jumladan, terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashdi.

Forum yakuni bo‘yicha Deklaratsiya qabul qilinib, Yevroosiyo guruhi doirasida jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishning mintaqaviy xavflariga qarshi kurashishga oid qonunchilikni uyg‘unlashtirishga qaratilgan choralarni ko‘rish zarurligi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Yevroosiyo guruhi yalpi majlisidagi ishtiroki davom etmoqda.

 

N.Abduraimova, O‘zA