Mamlakatimizda byudjet ma’lumotlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablag‘larining shakllanishi hamda sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, byudjet mablag‘larining bir qismini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirishni nazarda tutadigan “Tashabbusli byudjetlashtirish” tizimi amaliyotga tatbiq etildi.
“Ochiq byudjet” axborot portali ishga tushirilishi joylarda aholini qiynab kelayotgan muammolarning yechimini topish va jamoatchilikni byudjet jarayonining ishtirokchisiga aylantirishda alohida vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. “Byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligi va natijadorligini ta’minlashda maqsadli indikatorlar doirasida Dasturiy byudjetlashtirish tizimi ham yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizim esa byudjet sohasidagi qonunchilik doirasida byudjet xarajatlarining samaradorligini oshirishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish imkonini berdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Davlat byudjetidan sarflanayotgan byudjet mablag‘lari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, jumladan, daromad va xarajatlarning tarkibiy qisimlari ochiqlangan holda (choraklik va yillik) imv.uz, Ochiq ma’lumotlar portali (opendata.gov.uz) va Ochiq byudjet portali (openbudget.uz) hamda rasmiy ijtimoiy sahifalarda joylashtirilib kelinmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 148-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgani bu boradagi muhim qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, Byudjet kodeksining 166/1-moddasida byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibi aks ettirilib, unda byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar jarayonga oid tegishli ma’lumotlarni rasmiy veb-saytlariga qo‘yib borishi nazarda tutilgan. Byudjet jarayoniga oid tegishli ma’lumotlarning doimiy e’lon qilib borilishi fuqarolarning axborot olishga doir huquqlarini ta’minlash, shuningdek, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish imkonini bermoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar esa ayrim byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar tomonidan Byudjet kodeksida belgilangan byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlashga oid talablarga rioya etmaganlik holatlari kuzatildi. Xususan, bir qator vazirlik va idoralar, shuningdek, Andijon, Jizzax, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Byudjet kodeksining 166/1-moddasida nazarda tutilgan ma’lumotlar mazkur tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida joylashtirilmagan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida shundan kelib chiqib, qo‘mita tashabbusi bilan Iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.Kudbiyevga “Byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA