Joriy yilning 6 iyun kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqining “Yevropa yashil haftaligi” anjumanining birinchi kun tadbirlari o‘tkazildi.
Dunyoning 30 dan ortiq davlatidan ekspertlar, mutaxassislar, soha vakillari ishtirok etayotgan ushbu nufuzli tadbirdan ko‘zlangan maqsad atrof-muhit, tabiat muhofazasi, ekologik barqarorlik va bioxilma-xillikni saqlash, tajriba almashish va bu borada ko‘riladigan choralarda o‘zaro hamkorlik hamda tashkiliy-huquqiy me’yorlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Haftalik anjumanini Yevrokomissiya Raisi Ursula fon der Lyayen onlayn tarzda ochib berdi.
Shundan so‘ng ekspertlar Yevropa Ittifoqining atrof-muhit bo‘yicha komissari Virginiyus Sinkyavichyus, Ispaniyaning atrof-muhitni o‘zgartirish va demografik masalalar bo‘yicha vaziri Tereza Ribera, Decathlon barqarorlik bo‘yicha direktori Izabel Guyader va boshqalar ekologik barqarorlikni asrash, bioxilma-xillik, aylanma iqtisodiyot va nol ifloslanish sohalaridagi so‘nggi siyosat ishlanmalariga alohida e’tibor qaratdi.
Yevrokomissiya Raisi Ursula fon der Lyayen o‘zining kirish so‘zida mazkur haftalikning mohiyati, maqsadi va bugungi kunda atrof-muhit va ekologik barqarorlikni saqlash muhim masalalardan ekaniga ahamiyat qaratdi.
– O‘tgan yili Yevropa Ittifoqi tarixda birinchi marta quyosh va shamoldan gazga nisbatan ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqardi va biz bu yil yana qayta tiklanadigan energiya muhitini ikki baravar oshirishga harakat qilamiz. Biz innovatsiyalarga asoslangan ijtimoiy iqtisodiyotga qadam qo‘ymoqdamiz. Ittifoq bo‘ylab katta va kichik shaharlar gullab-yashnab, o‘zlarining barqaror imkoniyatini boshlamoqda. Bu Yevropa Yashil bitimi va harakatlari natijasidir. Iqlimning ekologik ofatlari esa atrofimizda sodir bo‘lmoqda. Ularning yechimlari uchun transformatsion o‘zgarishlar zarur. Bu o‘zgarishlarni birgalikda qilamiz, shuning uchun sizga muvaffaqiyatli va ilhomlantiruvchi voqealar haftasini tilayman, – dedi o‘z so‘zida Ursula fon der Lyayen.
Haftalikning yana bir ahamiyatli jihati shuki, unda ilgari Yevropa Ittifoqi davlatlari ishtirok etgan bo‘lsa, bu gal esa Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ham vakillar taklif etildi. Bundan maqsad mavzuning dolzarbligi, ishtirokchilarga yashillik tushunchasi bo‘yicha ma’lumotlar berish, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi siyosati haqidagi xabardorligini oshirish, shuningdek, doirani kengaytirish, Markaziy Osiyo jurnalistlarining Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligini tashkil etish haqida ma’lumotlar berishdir.
Bu haqda Yevropa Ittifoqining Tojikistondagi vakolatxonasi matbuot aloqalari bo‘yicha mas’ul xodimi Mahbuba Abdulloyeva quyidagicha gapirib berdi.
– Bugungi kunda atrof-muhit, ekologiya mavzusi global masalalardan biridir. Shu maqsadda bu safar haftalikka ilk bor Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi. Bu esa ularning Yevropa Ittifoqi faoliyati va uning yashil barqarorlikni ta’minlash borasida olib borayotgan sa’y-harakatlaridan xabardor bo‘lishga imkon yaratadi. O‘z navbatida, atrof-muhit va ekologik muammolar yechimida xorij tajribasini o‘rganish Markaziy Osiyo uchun ham muhim hisoblanadi. Anjuman doirasida sessiyalar tashkil etildi. Unda ekspertlarning chiqishlari va o‘z davlatida ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar bilan o‘rtoqlashish ham ishtirokchi jurnalistlar uchun yanada qiziqarlidir, – dedi M. Abdulloyeva.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda ham keyingi yillarda tabiat muhofazasi, ekologik barqarorlik va bioxilma-xillikni saqlash, qayta tiklashga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada zarur tashkiliy-huquqiy hamda institutsional baza yaratildi. Bosh qomusimizda yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylik ekani, ulardan oqilona foydalanish zarurligi va ular davlat muhofazasida ekanligi mustahkamlab qo‘yildi hamda sohaga doir bir qator qonunlar qabul qilingani bu masalani kun mavzusiga aylantirdi. Ayni chog‘da bu borada ishlar yanada tizimli tashkil etilayotgani hamda mavzuga doir bu kabi xalqaro tadbirlar tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlash zarur.
“Yevropa yashil haftaligi” anjumani ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA muxbiri
Belgiya, Bryussel shahri