Germaniya Federal hukumatining Ko‘chib kelganlar va milliy ozchilik masalasi bo‘yicha vakili, Bundestag deputati Natali Pavlik boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Bugun Toshkent shahrida delegatsiya vakillari ishtirokida O‘zbekiston – Germaniya hukumatlararo komissiyasining 13-majlisi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston tomonidan Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi mas’ullari, Respublika va viloyat nemis madaniy markazlari rahbarlari ishtirok etdi.

Birinchi navbatda respublikamizda turli millat vakillari uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan, nemis millatiga mansub fuqarolar turmush-tarzini yaxshilash, ularning erkin hayot kechirishini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi. Bunday siyosat mamlakatlar hamkorligini rivojlantirishga hissa qo‘shishi ta’kidlandi.

Diyorimizda yashovchi etnik nemislar o‘z ona tilini o‘rganishi, tadbirlar o‘tkazishi uchun qulay sharoit yaratilganini ma’lum qilar ekan, qo‘mita raisi Rustambek Qurbonov O‘zbekiston fuqarolik jamiyati sohasida ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqani saqlashga ko‘maklashuvchi mazkur komissiya ishini tizimli asosda davom ettirishdan manfaatdorligini qayd etdi.

Tadbir davomida Nemis Respublika madaniy markazi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi, bu madaniy-gumanitar aloqani saqlash va rivojlantirishga yordam berishi aytildi.

Delegatsiya rahbari Natali Pavlik Germaniya Federal hukumati tomonidan O‘zbekistonda yashovchi etnik nemislarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan loyihalar uchun har yili ikki yuz ming yevro ajratilishini bildirdi. Ushbu mablag‘ nemis tilini o‘rganish, etnik nemislar madaniyati va an’anasini saqlashni nazarda tutadi. Umuman, Germaniya tomoni mavjud konstruktiv hamkorlikni yanada faollashtirishga harakat qiladi.

Germaniya ichki ishlar vazirligining “Vatan” bo‘limi rahbari doktor Mixael Freze O‘zbekistonda yashovchi nemislarni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston – Germaniya majlisi kommyunikesi doirasida ta’lim, ijtimoiy va gumanitar sohalarga yo‘naltirilgan 150 ming yevroga yaqin mablag‘ ajratilganini ta’kidladi.

Muzokara yakunida qo‘shma kommyunike imzolandi. Komissiyaning Germaniyada o‘tadigan navbatdagi 14-majlisigacha bo‘lgan davr uchun vazifalar belgilandi.


Behruz Xudoyberdiyev, Azizbek Qo‘chqorov, O‘zA