Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar voyaga yetmaganlar hisoblanadi. Yurtimizda voyaga yetmagan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu borada yangilangan Konstitutsiyamizda ham voyaga yetmaganlar huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari yanada mustahkamlandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 77 va 85-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
– Jinoyat qonunchiligida voyaga yetmaganlarning javobgarligi, ularga nisbatan jazo tayinlashning alohida tartibi belgilangan, – dedi deputat D.Aripov. – Ammo voyaga yetmagan shaxslarning, shu jumladan, shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun sudlanganligining tugallanishiga oid alohida norma mavjud emas. Shundan kelib chiqib, sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ushbu qonun loyihasi ishlab chiqildi. Jinoyat kodeksining vazifalari shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan qo‘riqlash, shuningdek, jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarni respublika Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish ruhida tarbiyalashdan iboratdir. Ana shu vazifalarni amalga oshirish uchun Kodeks javobgarlikning asoslari va prinsiplarini, qanday ijtimoiy xavfli qilmishlar jinoyat ekanligini aniqlaydi. Ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralarini belgilaydi.
Sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi. Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi. Shuningdek, sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘linishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan bo‘lsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.
Mazkur qonun loyihasi bilan shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida o‘z jazosini to‘liq o‘tab bo‘lgandan so‘ng, uning oqibatlari kelgusi hayotiga ta’sir qilmasligi va o‘z hayotini yangidan boshlashi uchun imkoniyat berilishini ta’minlash maqsadida voyaga yetguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda. Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam muddati 6 oydan 1 oyga qisqartirilmoqda. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi, voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirib, voyaga yetmaganlik davrida sodir etgan jinoyati uchun jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgan shaxsga, o‘z hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda yangidan boshlashiga imkon beradi, – dedi deputat.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilinib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA