Bug‘doyning “Ultra” nomli erta pishar navi sinovdan o‘tkazildi. Sinov jarayonlari muvaffaqiyatli kechdi. Ushbu nav Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tasarrufidagi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutida rossiyalik olimlar bilan hamkorlikda yaratildi.
Yangi innovatsion navning hosildorligi gektariga 85 sentnerni tashkil qildi. Don texnologik sifat ko‘rsatkichlari yuqoriligi I-guruh kuchli bug‘doy sinfiga mansub. Muhimi, bug‘doy juda erta pishadi. Boshqa navlarning boshog‘i may oyining so‘nggi 10 kunligida endigina sarg‘aya boshlaganda yangi “Ultra” navi to‘liq pishib yetildi.
– Maqsad yerdan samarali foydalanish va yuqori hosil olishdir, – deydi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Ravshanbek Siddiqov. – Boisi, may oyi tugamasdan bug‘doy o‘rib olinsa, uning o‘rnida takroriy emas, balki asosiy ekin turlarini ekish mumkin bo‘ladi. Bu esa mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi imkoniyatlarni yanada kengaytiradi. Sug‘orish 1-2 martaga qisqarishi hisobiga gektariga 750-1500 kubometr suv iqtisod qilinadi. Tez yetilishi begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi qo‘llaniladigan kimyoviy vositalar uchun xarajatlar tejaladi. O‘rimdan so‘ng takroriy ekin sifatida ekiladigan soya, kungaboqar, makkajo‘xori va boshqa ekinlar to‘liq pishib ulguradi. Buning evaziga yerlardan foydalanish samaradorligi ortadi. Bu o‘z navbatida yerdan bir yilda ikki marta hosil olish imkonini beradi. Takroriy ekin sifatida dukkakli ekinlar ekilishi tufayli tuproqda sof holdagi 50-60 kilogramm biologik azot to‘planadi. Bu esa tuproq unumdorligi ortib, agrofizik va agrokimyoviy xossalari yaxshilanishiga sabab bo‘ladi.
A.Musayev, O‘zA