Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Xitoy bilan munosabatni keskinlashtirmaslik uchun Tokioda NATO vakolatxonasi ochish taklifiga qarshi chiqdi, deb yozdi “Financial Times” o‘z manbalariga tayanib.
Makronning “NATO ko‘lami va geografiyasini kengaytirishga urinsak, jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz”, degan gapi iqtibos sifatida keltirilgan.
Nashr yozishicha, Parij Alyans faoliyati doirasini “Shimoliy Atlantika” doirasida ko‘radi.
Fransiya “NATO va Xitoy o‘rtasida keskinlik keltirib chiqaradigan” hech bir qadamni qo‘llab-quvvatlamoqchi emas.
Xususan, qo‘shimcha idora ochilishi Xitoyning Ukraina masalasi bilan bog‘liq ishonchini susaytirishi mumkin.
Avvalroq NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Tokioda Shimoliy Atlantika alyansi ofisini ochish kun tartibida turganini tasdiqlagan. Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida ham bu masala ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi.
O‘zA