Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida “Yoshlar oyligi” munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston — yoshlar mamlakati!” shiori ostida o‘tkazilayotgan festival doirasida uch kilometrga yugurish hamda velomarafon bo‘lib o‘tdi. Mazkur marafonda 3000 dan ortiq yoshlar safida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari ham faol ishtirok etdi.

Festivalning davomi poytaxtdagi Yoshlar markazi binosida tashkil etilgan “Biznes marafon”ga ulandi. Unda yurtimizning taniqli ishbilarmonlari tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish va marketing bo‘yicha yoshlarga tavsiya va maslahatlar berildi. Shuningdek, barcha oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda yosh harbiy xizmatchilar o‘rtasida sport, madaniyat va san’at yo‘nalishlarida tanlovlar hamda “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazilib, yoshlar sayli doirasida barcha g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi.

Mazkur tanlovning “Eng yaxshi gitarachi” yo‘nalishida Nukus garnizoni Safarbarlik chaqiruvi rezervi bataloni xizmatchisi Siroj Gulimov faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.  Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan o‘zbek, qoraqalpoq va jahon klassik namunalari va harbiy jangovar musiqalar yoshlar festivali ishtirokchilarida katta  taassurotlar qoldirdi.

N.Rahmonova,

O‘zA