Ma’lumki, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda banklar ustav kapitalining eng kam miqdori bo‘yicha qo‘yilgan talablarga sakkizta bankning kapitali javob bermasligi haqidagi xabar tarqaldi.
Markaziy bank regulyator banklar ustav kapitalining eng kam miqdori bo‘yicha qo‘yilgan talablarga sakkizta bankning kapitali javob bermasligi haqidagi xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi. O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, bank ustav kapitalining eng kam miqdori 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab ikki yuz milliard so‘mni va bosqichma-bosqich 2025 yil 1 yanvardan besh yuz milliard so‘mni tashkil etishi lozimligi belgilangan.
Markaziy bank qonun loyihasi ishlab chiqilayotgan vaqtda tijorat banklariga ustav kapitalini belgilangan miqdorga yetkazish bo‘yicha aniq choralarni ko‘rish va uning ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar bergan.
Ustav kapitali miqdori belgilangan minimal talablarga javob bermaydigan banklarga nisbatan qonun hujjatlariga asosan boshqa banklarga qo‘shilish tavsiya etiladi, aks holda, ulardan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olinadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA