Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida taekvondo WT bo‘yicha 100 ga yaqin mamlakat sportchilari ishtirokida davom etayotgan jahon chempionatining ortda qolgan beshinchi kunida eng yosh sportchilarimizdan biri bo‘lgan Omonjon Otajonov bronza medalini qo‘lga kiritishi musobaqaning shov-shuvli natijalaridan biri bo‘ldi.
Boisi, 54 kilogramm vazndagi bahslarning saralashidan yarim finalgacha bo‘lgan yo‘lda Otajonov jahon va qit’a chempionlari, xalqaoro turnirlarning sovrindorlarini mag‘lub etdi. Kolumbiyalik Brayan Garrido, ozarbayjonlik Sayyad Dadashov, Germaniya vakili Xolid Abdul Xalim, tailandlik Tay-Jun Park kabi qator nomdor sportchilar aynan Omonjon Otajonov qarshiligini yengib o‘ta olishmadi.
Bugun, 3 iyun kuni jahon chempionatida erkaklar o‘rtasida 74 kilo, ayollar o‘rtasidagi 62 kilo og‘irlikdagi bahslar bilan davom etadi.
Chempionatning oltinchi kungi dasturida hamyurtlarimizdan Jasur Jaysunov hamda Feruza Sodiqova g‘oliblik uchun kurashga kirishadi.
Eslatib o‘tamiz, 4 iyungacha davom etadigan jahon chempionatida hozircha O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta kumush va 2 ta bronza medallariga ega bo‘lib turibdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA.