2023 yil 2 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq birinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi. Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Yalpi majlisning ikkinchi kuni senatorlar tomonidan dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish, shuningdek, muvofiqlikni baholash qoidalari buzilishlarining oldini olish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan ta’sir choralarini yanada tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiqlikni baholash organlari tomonidan muvofiqlikni baholash qoidalarini texnik reglamentlar talablariga muvofiq bo‘lmagan mahsulot chiqarilishiga yoki muvofiqlikni baholashni amalga oshirish uchun mahsulotni taqdim etgan jismoniy yoki yuridik shaxsga zarar yetkazilishiga sabab bo‘ladigan tarzda buzganlik uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, qonunda muvofiqlik sertifikati berilishi asossiz ravishda rad etilsa, muvofiqlik sertifikatining yoxud muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning amal qilishini asossiz ravishda to‘xtatib turgan yoki tugatgan muvofiqlikni baholash organi va uning mansabdor shaxslarining javobgarligi ham nazarda tutilmoqda.
Xususan, ushbu huquqbuzarlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solish belgilanmoqda.
Agar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida huquqbuzarlik takror sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solish ko‘zda tutilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatuvchi sinov laboratoriyalari va sertifikatlashtirish idoralarining mas’uliyatini oshirish hamda mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlarini to‘liq baholash orqali aholini sifatli mahsulot va xizmatlar bilan ta’minlashga olib keladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra “Telekommunikatsiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan uyali aloqa virtual operatorlari (provayderlar) faoliyatini kengaytirish maqsadida ular tomonidan radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatish natijasida undiriladigan davlat boji miqdorlari kamaytirilmoqda.
Ushbu sohada faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 25 000 baravari miqdorida davlat boji undirilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, agar uyali aloqa virtual operatori tomonidan navbatdagi yillik davlat bojini to‘lash davridan oldingi moliya yilida ko‘rsatilgan ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari xizmatlarining qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 million baravaridan oshgan taqdirda, ushbu uyali aloqa virtual operatori daromadining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha davlat boji to‘lashi belgilanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda respublikamizda o‘z telekommunikatsiya tarmog‘iga ega 5 ta mobil aloqa bazaviy operatori xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Radiochastota resursiga ega bo‘lmagan 1 ta virtual mobil aloqa operatori mavjud.
Senatorlarning ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi natijasida uyali aloqa virtual operatorlari faoliyatini kengaytirishga va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun adolatli raqobat muhiti yaratishga erishiladi.
Tahlillarga ko‘ra, hududlardagi xususiy telekanal va radiokanallar o‘z teleradiodasturlarini efirga uzatish hamda moddiy-texnik bazalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlashda ayrim moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqdalar.
Shu bois qonun bilan teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirganlik, qurganlik, ulardan foydalanganlik va ularning xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lanadigan davlat boji miqdorlari 50 foizga kamaytirilmoqda.
Bunda tele- va radiokanallarning moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilashga, ya’ni, 4,1 milliard so‘mga yaqin pul mablag‘larini xususiy teleradioeshittirish sub’ektlari faoliyatini rivojlantirishga erishiladi.
Qonun bilan davlat bojini undirishda yana bir qo‘shimcha imtiyoz berilib, unga ko‘ra, yillik undiriladigan davlat bojining miqdori teng ravishda yilning har choragida bo‘lingan holda to‘lash mexanizmi yaratilmoqda.
Senatorlar ushbu qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlariga yengillik berish bilan birga, xususiy teleradiokanallar tashkil etilishiga va teledasturlarni sifatli kontentlar bilan to‘ldirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shu bilan birga, navbatdagi yalpi majlisda senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Qayd etilganidek, Markaziy bank 2022 yildagi faoliyatini pul-kredit siyosati va makroprudensial choralarining inflyatsiyaga monetar omillar ta’siri darajasini qisqartirish, bank tizimida potensial xatarlarning moliyaviy barqarorlikka ta’sirini minimallashtirish hamda mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadlariga yo‘naltirgan.
2022 yil mart oyida Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 17 foizgacha ko‘tarilgan bo‘lsa, II chorakdan boshlab makroiqtisodiy sharoitlarning barqarorlashuvi va ayrim inflyatsion xatarlarning pasayishi hisobiga asosiy stavka 15 foizgacha tushirildi.
Hisobot yilida iqtisodiyotni moliyalashtirishda xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarining ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi ishlab chiqarish loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ishlari davom ettirildi.
Xususan, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga 203 trillion so‘m yoki 2021 yilga nisbatan 22 foizga ko‘p kreditlar ajratilgan.
Aholiga ajratilgan kreditlar 2021 yilga nisbatan 1,6 barobarga o‘sib, 65,3 trillion so‘mni tashkil qildi. Ushbu ajratilgan kredit mablag‘larining 25,6 foizini mikroqarz, 22 foizini ipoteka krediti, 33 foizini iste’mol krediti, 14 foizini mikrokreditlar tashkil etgan.
Shuningdek, 2022 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 424 mingdan ortiq loyihalarga jami 9,9 trillion so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.
2022 yilda banklarning kapitallashuv darajasi 12 foizga oshib, yil yakunlari bo‘yicha qariyb 80 trillion so‘mga, ustav kapitali miqdori 9 foizga o‘sdi.
Shu bilan birga 2022 yilda bank tizimini isloh qilish strategiyasi doirasida davlat ishtirokidagi banklarni transformatsiya qilishga qaratilgan ishlar davom ettirilib, “Ipoteka-bank” va “O‘zagroeksportbank”dagi davlat ulushini xorijiy investorlarga sotish bo‘yicha jarayonlar yakunlandi.
Natijada davlat ulushi mavjud bank aktivlarining bank sektori aktivlari umumiy hajmidagi ulushi 2021 yildagi 81,5 foizdan 2022 yilda 78,2 foizgacha pasaygan.
Aholiga respublika va xorijiy to‘lov tizimlari infratuzilmasida bir karta orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi kobeydjing bank kartalari soni 2021 yilga nisbatan 2,7 barobarga oshgan.
Shu bilan birga, senatorlar Markaziy bank tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalarga e’tibor qaratdilar.
Jumladan, banklarda raqamlashtirish bilan bog‘liq belgilangan qator vazifalar ijrosi qolib ketayotgani, tadbirkorlik sub’ektlariga kredit ajratish jarayonida shaffoflikning to‘liq ta’minlanmaganligi, inson omilining yuqoriligi kredit olish jarayonini qiyinlashtirib, byurokratik to‘siqlarning yuzaga kelishiga omil bo‘layotgani qayd etildi.
Shuningdek, Markaziy bankning 2023 yilgi faoliyatida narxlar barqarorligini ta’minlash, pul-kredit siyosati instrumentlarini hamda aholining banklardagi omonatlarini himoyalash tizimini takomillashtirish, inflyatsiyaga nomonetar omillar ta’sirini pasaytirish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash borasidagi ishlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Muhokamadan so‘ng Senatning Markaziy bank faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan takliflar aks etgan tegishli qarori qabul qilindi.
Senatning qirq birinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarni futbolga keng jalb etish, futbol sohasida xalqaro talablar va standartlar asosida iqtidorli o‘yinchilar tayyorlashning samarali tizimini yaratish, shuningdek, milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda iqtidorli yosh futbolchilarni saralab olish tizimini va futbol infratuzilmasini yanada rivojlantirish, sohada marketing va zamonaviy boshqaruv mexanizmlaridan samarali foydalanish maqsadida amaldagi soliq imtiyozlarining amal qilish muddatini uzaytirish zarurati mavjud.
Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun bilan Soliq kodeksiga 2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, “O‘zbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi va professional futbol klublariga barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) to‘lashdan ozod etishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, o‘zi jalb qilgan chet el mutaxassislari va futbolchilarining daromadlaridan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz berilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va inventari hamda sohani qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq qator tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan ozod etilmoqda.
Majlisda “O‘zbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi va professional futbol klublarining moliyaviy ahvolini yaxshilash, xorijiy yetuk mutaxassislarni jalb qilish orqali sohadagi mutaxassislar malakasini oshirib borish, shuningdek, xususiy professional futbol klublarini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Senatorlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi futbol klublari faoliyatini rivojlantirishga, terma jamoalar uchun o‘quv-mashq jarayonini samarali tashkil etishga, mamlakatimizda futbol bo‘yicha yirik xalqaro musobaqalarni, shu jumladan, o‘smirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida jahon hamda qit’a birinchiliklarini yuqori darajada tashkil etishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi hamda Sudyalar oliy kengashi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalar ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Yalpi majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalarining huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan 11 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq birinchi yalpi majlisi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati