Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Nukus shahridagi “Imkon” davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga tashrif buyurdi.

2019 yilda foydalanishga topshirilgan “Imkon” davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida reabilitatsiya markazi ham bor. Bu yerda  eshitishida, psixologik rivojlanishida va harakat tizimida nuqsoni bo‘lgan 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinadi. Shu bilan birga, 2 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar ham reabilitatsiya markaziga qatnashishi mumkin. Xodimlar Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarda malaka oshirib kelgan. Doimiy ravishda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan mutaxassislar va tajriba almashish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.


Jo‘qorg‘i Kenges raisi bayram munosabati bilan bolajonlarga sovg‘alar topshirdi. Tadbir maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA