Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining qirq birinchi yalpi majlisi davom etmoqda.

Kuni kecha ochilgan va bugun davom etayotgan yalpi majlisda senatorlar, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

Majlisning birinchi ish kunida senatorlar “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlikni qisqartirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”,  “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”,  “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarni muhokama qildi. Mazkur qonunlarning barchasi ma’qullandi.

Bugun esa yalpi majlisda  “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”,  “Telekommunikatsiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Markaziy bankining 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi. Oliy sud hamda Sudyalar oliy kengashi tarkibiga bir qator o‘zgartirishlar kiritiladi.

Majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar, bildirilgan dolzarb fikrlar bilan saytimizda tanishtirib boramiz. Bizni kuzatib boring!

 

N.Abduraimova, O‘zA