Joriy yilning aprel oyida “2023 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 113-sonli Prezident qarori qabul qilingandi.

Qarorga ko‘ra, 2023 yil 15 apreldan eksperiment tariqasida Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi huzuridagi “Agroservis operator” DUK orqali tashabbuskorlar loyihalarni moliyalashtirishning quyidagi yangi tizimi joriy etiladi:

➡️ meva-sabzavotlarni saqlash, qayta ishlash, logistika quvvatlarini yaratish yo‘nalishidagi loyihalar Agentlikning tumandagi loyiha ofislariga taqdim etilib, Qishloq xo‘jaligi vazirligining yagona elektron axborot platformasi orqali “Agroservis operator” DUKka yetkaziladi;

➡️ intensiv bog‘ va tokzorlar, agrologistika ob’ektlari hamda texnologik liniyalar, oziq-ovqat sanoatidagi liniyalar qurilib, tayyor holda tashabbuskorlarga lizing asosida topshiriladi. Bunda lizing to‘lovi 10 foizi oldindan to‘lash, 10 foizi tashabbuskorlar ulushi, 80 foizi 10 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan amalga oshiriladi.

Vazirlikning Geoaxborot tizimida 8 ta asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (paxta, g‘alla, sholi, piyoz, sabzi, kartoshka, makkajo‘xori hamda moyli ekinlar) ekilishini, vegetatsiya davrini monitoring va tahlil qilish amaliyoti joriy etiladi.

2023 yil 1 iyungacha paxta, g‘alla, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlari raqamlashtiriladi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan. Joriy yilning may oyidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar quyidagi ro‘yxatga muvofiq tovarlarning chakana savdo ob’ektlarida xaridini amalga oshirganda xarid summasining 1 foizi miqdoridagi to‘lov o‘rniga, xarid summasida to‘langan QQS summasi qaytariladi.

Shuningdek, joriy yilning 1 iyunidan qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha subsidiyalar “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Qarorga ko‘ra shuningdek, Prezidentning tegishli qarori doirasida Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 2023 yilda 400 milliard so‘m byudjet ssudasi yillik 10 foiz stavkada ajratiladi.

Vazirlik huzurida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini tahlil qilish markazi tashkil etilib, 2023 yilda har bir viloyatda o‘rtacha 250-300 gektardan namunaviy bog‘-tokzorlar barpo etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvaga ozuqa yetishtirish uchun beriladigan yerlar maydoni 2 gektardan 5 gektarga oshirilishi belgilangan.

M.Turdaliyeva, N.Abduvoitov O‘zA