O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi. Unga ko‘ra, 2023-2024 yillarda mamlakatimizda “Raqamli hukumat” va “Raqamli hudud” dasturlari doirasida 300 ta ustuvor loyihalar amalga oshiriladi.

Jumladan, davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha 112 ta, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini raqamlashtirish bo‘yicha 51 ta, hududlarni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha 137 ta loyiha amalga oshiriladi.

2023 yil yakuniga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni 570 taga yetkaziladi.

2023 yil 1 iyundan boshlab respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tashqi kredit va beg‘araz ko‘mak mablag‘lari asosida amalga oshiriladigan loyihalarning raqamli komponentlarga yo‘naltiriladigan qismi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan majburiy tarzda kelishiladi.

“Raqamli hudud” dasturi doirasida “Raqamli geoportal” axborot tizimi va “Xalq nazorati” platformasi 2023 yil 1 sentyabrga qadar Angren, Ohangaron, Yangiyo‘l, Chirchiq va Nurafshon shaharlarida, 2023 yil yakuniga qadar esa Jizzax va Urganch shaharlarida ishga tushiriladi.

Sohada yuqori malakali mutaxassis va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida “Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichi sifatida xorijiy nufuzli ta’lim platformalarida IT-yo‘nalishdagi onlayn o‘quv kurslarda tahsil olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan 15 ming nafar yosh iste’dodlar saralanib, ularda xalqaro miqyosda faoliyat yuritish ko‘nikmalari shakllantiriladi.

Xorijiy nufuzli ta’lim platformalarida muvaffaqiyatli o‘qishni yakunlagan va tegishli sertifikatga ega yoshlarga kompyuter xaridi uchun iste’mol kreditlari ajratish amaliyoti davom ettiriladi.

2023 yil 1 avgustdan boshlab yoshlarga kompyuter xaridlari uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan mikroqarz shaklida hamda “Yoshlar daftari” va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi jamg‘armalari hisobidan beriladigan subsidiya mablag‘larini ijtimoiy kontrakt asosida yoshlar xohishiga ko‘ra alohida ochilgan bank kartasiga (naqdlashtirish imkoniyatisiz) o‘tkazishga ruxsat beriladi.

2023 yil 1 oktyabrdan boshlab V2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega bo‘lgan fuqarolar tomonidan tizim boshqaruvi, ma’lumotlar bazasi va “bulutli” platformani boshqarish, axborot xavfsizligini ta’minlash va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100 foiz qismini qoplash tizimi joriy etiladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joriy etilgan raqamli texnologiyalar bo‘yicha loyihalar samaradorligi, ko‘rsatiladigan raqamli xizmat va servislar texnik faoliyatining sifati hamda barqarorligi ustidan raqamli nazorat o‘rnatadi.

O‘zA