Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti va Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida o‘tkazilgan tadbir O‘zbekistonda rivojlanish faoliyatini baholash masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirda mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokidagi dastur va loyihalarning amalga oshirilishi, ularning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga ta’sirini baholash tizimini yo‘lga qo‘yish va takomillashtirish, OTBning Mustaqil baholash bo‘limi faoliyati, baholashga oid ma’lumotlardan foydalanishda tahlil markazlarining roli kabi masalalarda so‘z yuritildi.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Muzaffar Karimov mavzu doirasida o‘z fikrini bildirar ekan, OTB ko‘magida ekspertlar jamoasi tomonidan tayyorlangan “Davlat mablag‘lari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini baholash bo‘yicha qo‘llanma”ning mahmun-mohiyatiga e’tibor qaratdi.
– Investitsiyalardan foydalanish samaradorligini oshirishda ishtirok etgan mutaxassislar va organlarning davlat mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish uchun taqdim etilayotgan loyiha takliflarini tahlil qilish va baholash xususiyatlari bo‘yicha bilimlarini oshirish muhim ahamiyatga ega. Bunda nafaqat davlat xizmatchilari uchun o‘quv treninglari va seminarlar o‘tkazish, balki ularga bilimlarini mustaqil ravishda oshirish, zarur bo‘lgan ularni yangilash vositasini taqdim etish zarurati tug‘iladi. Ushbu ehtiyojni qondirish uchun Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan davlat mablag‘larini jalb qilgan holda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini baholash bo‘yicha ushbu qo‘llanma tayyorlandi. Qo‘llanma markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarining maqsadga muvofiqligi va samaradorlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilish uchun umumiy talablarni belgilaydi. Ushbu qo‘llanmadan foydalanish investitsiya loyihalarining barcha bosqichlarida ko‘rsatkichlar va natijalarini to‘g‘ri baholash, shuningdek, ularning jozibadorligini aniqlash va ustuvor investitsiya loyihalarini tanlash uchun parametrlarni ularni amalga oshirishning maqbul yo‘llari bilan taqqoslash imkoniyatini yaratadi, – dedi M.Karimov.
Ma’lumki, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning ishonchli hamkori hisoblanadi. 1966 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ushbu bankka 68 davlat a’zo. U rivojlanayotgan a’zo mamlakatlarga kreditlar va grantlar ajratadi, shuningdek, texnik yordam ko‘rsatadi.
OTBning Mustaqil baholash bo‘limi ushbu bankning rivojlanish bo‘yicha operatsiyalari samaradorligini baholaydi, strategiyalari va operatsiyalarini yaxshilash uchun fikr-mulohazalarni taqdim etadi.
Tadbirda OTB Mustaqil baholash departamenti bosh direktori Emmanuel Ximenes tomonlar o‘rtasidagi samarali hamkorlik O‘zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonidagi foydasi va bunda asosli qarorlarni qabul qilish uchun qanday choralar samara berayotganini aniqlashda baholash muhim ahamiyatga ega ekaniga urg‘u berdi.
– Taraqqiyot ko‘p jihatdan mahalliy muhitga bog‘liq. Shu sababli, samarali yordam chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun madaniy va ijtimoiy-siyosiy voqelikni tushunish zarur. Baholash bizga nima ishlayotgani va nima ishlamasligi haqida hamda uning sabablarini aniqlashda yordam beradi. Bu vaziyatda biz yaxshiroq qarorlar qabul qilishimiz va ko‘proq ta’sir qilishimiz mumkin, – dedi Emmanuel Ximenes.
Tadbir muhokamasida ishtirokchilar davlat mablag‘lari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini samarali tashkil etishda baholashga oid ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha tahlil markazlari faoliyati, mahalliy va xorijlik ekspertlar o‘rtasidagi hamkorlik amaliyot uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri