Mamlakatimizda shu yilning 9 iyul kuni muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinishi lozim. Buning uchun siyosiy partiyaning rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olishni so‘rab Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etishi kerak.
Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan tasdiqlangan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejada belgilangan talablarga va muddatlarga amal qilgan holda bugun, 31 may kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Markaziy saylov komissiyasiga ushbu partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olishni so‘rab murojaat etdi va qonunchilikda belgilangan hujjatlarni topshirdi.
Xususan, siyosiy partiya yuqori organining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori, majlis bayonnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning o‘z nomzodi ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari taqdim etildi.
— Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasining kuni kecha bo‘lib o‘tgan S’ezdida muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zLiDePning ishtiroki muhokama qilindi va saylovda partiyadan ko‘rsatiladigan nomzod ma’qullandi, — deydi O‘zLiDeP Siyosiy kengashi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Yaqubov. — Qonunchiligimizga ko‘ra, bugun Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan hujjatlarni taqdim etdik. Ta’kidlash joizki, o‘tgan ikki hafta davomida partiyamiz faollari respublikamizning barcha hududlarida saylovchilarning imzosini to‘pladi. Jami 300 mingga yaqin imzolar to‘plandi. Saylov kodeksiga asosan O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilarining umumiy sonining bir foizi miqdorida, ya’ni 227 mingdan ortiq qismini MSKga topshirdik.
Hujjatlarni taqdim etgan har ikkala partiya vakillariga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma berildi.
Muhtarama Komilova, Almurat Mamadaminov (surat), O‘zA