Qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlar uchun foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i 50 foizga kamaytiriladi;
Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi;
Qoraqalpog‘istonda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq 12 baravardan 6 baravargacha kamaytiriladi;
Qoraqalpog‘istonda nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (o‘qituvchilari) konsullik yig‘imi, doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha davlat bojidan ozod qilinadi;
Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlarni yanada qo‘llash orqali investitsiya va ishbilarmonlik muhiti yaxshilanadi.
Bu yangiliklar Senatning qirq birinchi yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida joriy etilayotgani qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uning iqtisodiyotini erkinlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, investitsiya jalb qilish imkoniyatini oshirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va yoshlar bandligini ta’minlash orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasining iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish zarurati yuzaga kelgan.
Senatorlarning ta’kidlashicha, Soliq kodeksiga Qoraqalpog‘iston Respublikasining tadbirkorlik sub’ektlari uchun foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i 2028 yil 1 yanvarga qadar 50 foizga kamaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi bir foiz miqdorida belgilanmoqda. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq esa shaharlar hududida faoliyatni amalga oshirayotgan shaxslar uchun 12 baravarga, tumanlar darajasida 6 baravarga kamaytirilmoqda hamda yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanmoqda.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (o‘qituvchilari) konsullik yig‘imini hamda doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun undiriladigan davlat bojini to‘lashdan 2027 yil 1 oktyabrga qadar ozod qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan mazkur qonun Qoraqalpog‘iston Respublikasining investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirishga, tadbirkorlikni rivojlantirishga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga, nodavlat ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA