AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit boshchiligidagi delegatsiya Orolbo‘yiga keldi. Delegatsiya a’zolari Nukus “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyidagi sharoitlar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida yashovchilar uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Nukus “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyining 250 o‘ringa mo‘ljallangan yangi binosi 2018 yili qurilgan. Bu yerda davlat ta’minotiga olingan, ruhiyatida nuqsonlari bo‘lgan, 18 yoshdan katta I va II guruh nogironlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Qo‘shma Shtatlar o‘zining Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali qiymati 410 ming dollarga teng 131 tonna oziq-ovqat yordamini O‘zbekistonga yetkazib berdi. Keltirilgan yuk to‘yimli sabzavotlar va dukkaklilar aralashmasidan iborat bo‘lib, sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy himoya muassasalari va yordamga muhtoj oilalarga tarqatiladi. Mazkur yordam 98 sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasasiga tarqatilib, mamlakatdagi 35 ming nafar eng yordamga muhtoj fuqarolar, xususan, dori-darmonga chidamli sil kasalligi bilan og‘rigan bemorlar, uzoq muddatli parvarishlash muassasalari, Mehribonlik uylari va keksalar va nogiron bolalarni parvarishlash va qo‘llab-quvvatlash muassasalarni qamrab oladi.
– O‘zbekistonda to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha faoliyat olib bormoqdamiz, – deydi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit. – So‘nggi yigirma yil mobaynida berilgan umumiy yordam qiymati bir milliard AQSH dollaridan oshdi. Shu jumladan Orolbo‘yida ham bir qator loyihalar qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA