Prezidentimizning joriy yil 26 maydagi “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2023 yil 1 sentyabrdan maktab direktoriga o‘z o‘rinbosarlarini ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish, ajratilgan umumiy soatlar doirasida o‘quv rejalariga 15 foizgacha o‘zgartirish kiritish masalalarini mustaqil hal qilish huquqi beriladi.
Tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining maktab faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash bo‘yicha vakolatlari bekor qilinadi. Hududlarda eng tajribali maktab direktorlaridan iborat Direktorlar kengashlari tuziladi.
Maktab direktorlari Direktorlar kengashi tavsiyasiga asosan hududiy boshqarmalar tomonidan ochiq tanlov asosida lavozimga tayinlanadi. 2024 yil 1 yanvardan maktab direktorlarini har 5 yilda bir marotaba kasbiy sertifikatsiyalash tizimi joriy etiladi. Bunda, sertifikatsiyadan o‘ta olmagan direktorlar belgilangan tartibda lavozimidan ozod etiladi.
Shuningdek, farmonga muvofiq, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlashda tuman (shahar) ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tavsiya berish amaliyoti, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarini ishga qabul qilishda sport sohasidagi vakolatli davlat organining hududiy bo‘limlari hamda sport maktablari metodistlari tomonidan yo‘llanma berish tartibi bekor qilinadi.
2024 yil 1 yanvardan bola tug‘ilganidan so‘ng, doimiy yashash manzilidagi mikrohududga biriktirilgan maktabda onlayn hisobga qo‘yiladi. Maktablarning har o‘quv yili uchun qabul rejasi my.maktab.uz elektron platformasida shakllantiriladi.
Shuningdek, 2023/2024 o‘quv yilidan “Sirdaryo tajribasi” asosida har bitta hududda bittadan zamonaviy “Barkamol avlod” bolalar maktablari tashkil qilinadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA