Tarixdan ma’lumki, jamiyatda ayolning o‘rni ulug‘lanib kelingan. Ayolning hayotda tutgan o‘rni bugungi kunda yanada faollashdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Nukusda xotin-qizlarning faolligini oshirish, ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash maqsadida “Ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda ham shu haqida so‘z bordi.

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tengligi va oila masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, shahar va tuman hokimliklari bilan hamkorlikda bir qator qiziqarli tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, tadbirlar aholining jismoniy madaniyatini oshirish maqsadida “Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostida velosport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda xotin-qizlar va uy bekalari ishtirok etdi. Musobaqa g‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida “Milliy liboslar – millat ko‘zgusi” nomli konferensiya tashkil etildi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad milliy urf-odat hamda qadriyatlarni kelajak avlodga yetkazish, zamon talablari bilan uyg‘un milliy liboslarni targ‘ib etish, yosh dizaynerlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Tadbirda kiyinish odobi, madaniyati, milliy liboslarning tarixi va bugungi kundagi uyg‘unlashuvi hamda mavjud muammo va kamchiliklar haqida ma’ruzalar tinglandi. Shu bilan birga ishtirokchilar Nukus shahri “MUINAK-TOUR” mas’uliyati cheklangan jamiyati hunarmandchilik turistik dam olish majmuasiga biznes-sayohat tashkil etildi. “Yurtimizning lider tadbirkor ayollari” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda xotin-qizlar o‘rtasida tadbirkorlik sohalarini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish borasida so‘z yuritildi.

Bugungi kunda aholining, shu jumladan, xotin-qizlarning qonunlarni bilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan, ta’lim muassasalarida “Siz yangi qonunni bilasizmi?” mavzusida viktorina o‘tkazildi. Qoraqalpoq san’at saroyida “Milliy liboslarda zamonaviy va an’anaviy qadriyatlar uyg‘unligi” mavzusidagi liboslar namoyishi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. “Hunarmand” uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda turli sohalarda ishlaydigan ayollar, uy bekalarining jamoat joylari va uy ichida kiyiladigan liboslardan namunalar taqdim etildi.

San’at ustalarining konsert dasturi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV  

O‘zA