O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 may kuni «Air Products» kompaniyasi bosh ijrochi direktori Seyfi Gasemini qabul qildi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining strategik tarmoqlarida yuqori texnologik loyihalarni ilgari surishda AQSHning o‘z yo‘nalishida global yetakchi bo‘lgan ushbu kompaniyasi bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari kompaniya rahbarini 1 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilgan holda Qashqadaryo viloyatidagi “GTL” zavodining uchta sanoat gaz uskunasini xarid qilish bo‘yicha kelishuv muvaffaqiyatli yakunlangani va tegishli bitim imzolangani bilan tabrikladi.
«Air Products» yana bir yirik loyihada – kamida 700 million dollarlik investitsiyalarni jalb qilgan holda Buxoro viloyatida MTO texnologiyasi asosida gaz-kimyo majmuasi qurilishida ishtirok etayotgani qayd etildi.
Mamlakatimizda “yashil” vodorod sohasini rivojlantirish bo‘yicha yana bir asosiy hamkor – Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi ishtirok etayotgan istiqbolli loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash muhimligi alohida ta’kidlandi.