Kuni kecha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Eron Islom Respublikasining «Electronic Afzar Azma» kompaniyasining bosh direktori Mohammad Ali Darazi, «ESFA Group» kompaniyasi bosh direktori Mahdi Davar Panah hamda «Atlas Tubine Pars» kompaniyasi bosh direktori Atabak Alizade bilan uchrashdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizda faoliyat olib borayotgan eronlik tadbirkorlar bilan doimiy aloqani o‘rnatish, ilm-fan va innovatsion faoliyat sohasida hamkorlik qilish, ikki davlat o‘rtasidagi savdo iqtisodiy, ilm-fan, texnologiyalar bo‘yicha yangiliklar bilan bo‘lishish iborat. Shuningdek, eronlik investorlarni yurtimizga jalb qilish va ularga konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatish, bu mamlakatdan kelgan tadbirkorlarning yurtimizda olib borayotgan faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammo va takliflarini o‘rganish va ularga yechim berish masalalari haqida fikr almashildi.
Shu bilan birgalikda uchrashuv davomida ikki mamlakat savdo-iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan takliflar, eronlik tadbirkorlarning faoliyatidagi yangiliklar, innovatsiya yo‘nalishida istiqbolli hamkorlik rejalari muhokama qilindi.
Xususan, unda eronlik tadbirkorlar O‘zbekistonda elektr tarmoqlari uskunalarini birgalikda ishlab chiqarish, elektr stansiyalarini ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatish hamda O‘zbekistonda ushbu sohada markaz ochish imkoniyati bilan qiziqdi.
O‘zbekistonda aqlli elektr hisoblagichlarni birgalikda ishlab chiqarish hamda O‘zbekiston elektr tarmoqlari monitoringi tizimini modernizatsiya qilish imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, «Electronic Afzar Azma», «ESFA Group» va «Atlas Tubine Pars» Erondagi eng yirik energetika kompaniyalaridan hisoblanadi. Ular elektr stansiyalari, neft va gaz ob’ektlari, temir yo‘l transporti infratuzilmasi uchun energiya va boshqaruv uskunalari ishlab chiqish hamda ularni avtomatlashtirish va sanoat jarayonlarini boshqarish bo‘yicha faoliyat olib boradi.
O‘zA