O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash sohasida xalqaro standartlar asosida milliy qonunchilik takomillashtirildi. Ushbu yo‘nalishda qirqdan ortiq qonunchilik va muhim konseptual hujjatlar qabul qilindi.
Shu asosda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyat yaratilmoqda. Ayollarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini mustahkamlashga, ularning ta’lim olishlari, kasb-hunar o‘rganishlariga e’tibor kuchaydi.
Munosib mehnat sharoitlarini bunyod etish hamda ayollarning iqtisodiy hayotdagi faolligini oshirish, turli tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish borasida muhim choralar ko‘rilayotir.
Toshkentda tashkil etilgan “O‘zbekistonda gender tenglik va munosib mehnat yo‘llari” mavzuidagi xalqaro konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlarning yuzdan ortiq mutaxassis va ekspertlari, O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar singari gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha ham muhim qadamlar qo‘yilganini qayd etdi.
Sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida band bo‘lgan aholi o‘rtasida xotin-qizlar ulushi 77 foizni, iqtisodiyot va sanoat sohasida 46 foizni tashkil etmoqda, 2 ming nafarga yaqin xotin-qiz davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.
Xotin-qizlarning ta’lim olishlari uchun imkoniyatlarning kengaytirilishi natijasida oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan xotin-qizlar soni 6 barobarga ko‘paydi. Xususan, bakalavr yo‘nalishida o‘qiyotgan xotin-qizlar ulushi 38 foizdan 49 foizga, magistratura bosqichida o‘qiyotganlar esa 37 foizdan 50 foizga ortdi.
Xalqaro ekspertlar tomonidan mamlakatimizda mehnat munosabatlari tizimi tubdan isloh qilingani hamda majburiy mehnatga barham berilgani, munosib mehnat prinsiplari doirasida aholining bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani yuqori baholanmoqda.
– Yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq ijtimoiy davlat asoslari mustahkamlandi, eng avvalo, har bir shaxsning e’tiborda bo‘lishi, munosib ish bilan ta’minlanishi nazarda tutildi, – dedi T.Norboyeva. – Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining kuchga kirgani yurtimizdagi har bir shaxsning mehnat huquqlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirdi. Majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi mazkur yangi qonun hujjatlarida o‘z ifodasini topdi. Har bir fuqaro, ayniqsa ayollar, bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan yangi qonun qabul qilindi. Oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, bunday holatlarga qarshi kurashishning huquqiy asosi yaratildi. Bunda keng jamoatchilik, fuqarolik institutlari vakillari bilan birga harakat qilingani o‘z samarasini berdi.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Konsuelo Vidal Bryus O‘zbekiston xalqaro hamkorlikda muhim qadamlar qo‘yayotganini e’tirof etdi. Majburiy mehnatga barham berish, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishilmoqda.
Konferensiyada O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik muvaffaqiyatli kechayotgani qayd etildi.
2030 yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasining qabul qilinishi bu boradagi ishlarni tizimli, muayyan maqsadga yo‘naltirilgan holda amalga oshirishga imkon yaratmoqda.
Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Olga Kulayeva O‘zbekiston mehnat bozorida xotin-qizlarga keng imkoniyatlar yaratilayotgani gender tenglik ta’minlanishi natijasi ekanini qayd etdi.
Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda qabul qilingan O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan dastur, mehnat sohasidagi hamda ishlab chiqarish va texnik yo‘nalishlardagi xalqaro standartlarni mamlakat iqtisodiyotiga keng tatbiq etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhim o‘rin tutmoqda.
Tadbir yakunlari bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilarining gender tenglikni ta’minlash, munosib mehnat prinsiplarini keng tatbiq etish bo‘yicha tavsiyalari ishlab chiqildi.
Unda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda ularni tazyiqlardan himoyalashga e’tibor qaratildi. Xotin-qizlarning ta’lim olishlari tibbiy xizmatlardan teng foydalanishi, ular uchun xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini yaratishga urg‘u berildi. Mehnat uchun munosib haq to‘lash va norasmiy bandlikni qisqartirish hamda ushbu yo‘nalishdagi xalqaro standartlarni tatbiq etish ishlarini tizimli davom ettirish bo‘yicha aniq vaziflar belgilab olindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA