Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan ish yurituvdagi soliq qarzdorligini undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini jadallashtirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat soliq boshqarmasining 2023 yil 17 martdagi qaroriga asosan, qarzdor “QARAQALPAQ SUW TAMIYNATI“ mas’uliyati cheklangan jamiyatidan, undiruvchi Taxtako‘pir tuman davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 2 mlrd. 825,6 mln. so‘m undirish belgilangan bo‘lib, mazkur ijro hujjati Byuroning Taxtako‘pir tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Bo‘lim tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu ijro hujjatining ijrosini ta’minlash maqsadida, qarzdor jamiyatning bank hisob raqamiga elektron inkassa topshiriqnomasi qo‘yilib, ijro harakatlari olib borilgan.
Majburiy ijro harakatlari natijasida 2023 yil 15 mayda ushbu ijro hujjati bo‘yicha ko‘rsatilgan 2 mlrd. 825,6 mln. so‘m qarzdorlik Byuroning Taxtako‘pir tuman bo‘limi tomonidan amalda to‘lig‘i bilan undirilib, ijro hujjati tamomlangan.
Shuningdek, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasining 2023 yil 27 martdagi qaroriga asosan, qarzdor “ERIELL O.S.MIDDLE EAST DMCC PU”dan davlat foydasiga 1 mlrd. 435,6 mln. so‘m soliq qarzdorligini undirish belgilangan bo‘lib, mazkur ijro hujjati Byuroning Mo‘ynoq tumani bo‘limi ish yurituviga 6 aprelda kelib tushgan va ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor tomon ijro hujjati talablari bilan tanishtirilgan va qarzdorlikni ixtiyoriy bartaraf qilish uchun muddat berilgan. Shuningdek, bank hisob raqamlariga elektron inkassa qo‘yilib, band solingan.
Natijada, qisqa muddatda 1,4 mlrd. so‘m qarzdorlik undirilib, ijro hujjati tamomlangan.
M.Qosimova, O‘zA