Samarqand shahrida joriy yilning 9, 10 va 11 iyun kunlari triatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati, Osiyo kubogi va paratriatlon bo‘yicha Osiyo chempionati bahslari o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va paralimpiya qo‘mitasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilayotgan musobaqaga ayni paytda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Musobaqa tashkiliy qo‘mitasi a’zolari ishtirokida asosiy bellashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun, federatsiya ijrochi direktori Ruslan Kuliyev musobaqalarni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni mas’ullar ishtirokida muhokama qildi. Shu paytgacha amalga oshirilgan ishlarga baho berilib, mavjud muammolarni o‘z vaqtida hal etish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar vakillariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ta’kidlash joizki, paratriatlon bo‘yicha Osiyo chempionati mamlakatimizda ilk marta tashkil etilayotgan musobaqa hisoblanib, unda dunyoning turli mamlakatlaridan 80 nafar imkoniyati cheklangan sportchi qatnashishi kutilmoqda. Ular 750 metr masofaga suzish, 20 kilometrlik velopoyga va 5 kilometr yugurish bahslarida kuch sinashadi. Triatlon bo‘yicha Osiyo kubogi bahslarida esa dunyoning eng yaxshi 50 nafar ayol va 50 nafar erkak sportchilari ishtirok etishi rejalashtirilgan. Unda elita toifasidagi sportchilar standart/olimpiya masofalarida (1500 metr masofaga suzish, 40 kilometr velosiped poygasi, 10 kilometr yugurish) o‘zaro bahslashadi. Musobaqa doirasida Markaziy Osiyo sportchilari (SATA – Central Asia triatlon Association) alohida hisobda taqdirlanadi.

Triatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati ham qiziqarli bahslarga boy bo‘lishi kutilmoqda. Unda Elita, U23 va U15 toifalari o‘rtasida standart va super-sprint masofasida triatlon bo‘yicha milliy va o‘smirlar terma jamoasiga tanlov o‘tkaziladi. Shuningdek, 300 nafar havaskor (triatlonchi bo‘lmagan) shaxsiy va jamoaviy testlarda qatnashadi. Ushbu musobaqalar ikki masofada, ya’ni olimpiya (1500 metr masofaga suzish, 40 kilometr velosiped poygasi, 10 kilometr yugurish) va super-sprint (350 metr masofaga suzish, 13 kilometr velopoyga, 3 kilometr yugurish) bo‘yicha tashkil etiladi. Xalqaro musobaqa o‘tkaziladigan 9, 10, 11 iyun kunlari Samarqand shahrining ayrim ko‘chalarida transport vositalarining harakati vaqtincha cheklanadi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA