Tadbir Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi va Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.
Unda xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlarning yuzdan ortiq mutaxassislari, ekspertlari, O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etmoqda.
Anjumanda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva keyingi yillarda gender tenglikni ta’minlash hamda xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini har tomonlama himoya qilish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.
– Mehnat bozorida gender tenglikni ta’minlash dunyo miqyosidagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi, – dedi T.Norboyeva. – Ayni paytda qirq foizga yaqin xotin-qizlar iqtisodiyot tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatadi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, agar iqtisodiyot barcha tarmoqlarida gender tenglik to‘liq ta’minlansa, yalpi ichki mahsulotda xotin-qizlar ulushi 28 trillion dollarga yetishi mumkin.
O‘zbekistonda barcha sohalarda gender tenglikni ta’minlashga e’tibor qaratilib, xotin-qizlarning ilmli, hunarli bo‘lishiga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq ijtimoiy davlat asoslari mustahkamlanishi, eng avvalo, har bir shaxsning e’tiborda bo‘lishi, munosib ish bilan ta’minlanishini nazarda tutadi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining kuchga kirgani yurtimizdagi har bir shaxsning mehnat huquqlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirdi.
Majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi mazkur yangi qonun hujjatlarida o‘z ifodasini topdi.
Senat raisi har bir fuqaro, ayniqsa ayollar, bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan yangi qonun qabul qilingani muhim qadam bo‘lganini aytib o‘tdi. Oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, bunday holatlarga qarshi kurashishning huquqiy asosi yaratildi. Bunda keng jamoatchilik, fuqarolik institutlari vakillari bilan birga harakat qilingani o‘z samarasini berdi.
Millat tarbiyachilari bo‘lgan xotin-qizlarning ilmli bo‘lishi, munosib ish o‘rniga ega bo‘lishi, oilasi va yurt farovonligi yo‘lida mehnat qilishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Bu maqsadni amalga oshirish yo‘lida xalqaro hujjatlar, konvensiyalar ratifikatsiya qilinishi, milliy qonunchilik mustahkamlanishi bilan bir qatorda nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilinmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA