Joriy yilning 18-20 may kunlari poytaxtimizdagi O‘zbekiston ikkinchi xalqaro energetika forumi doirasida “O‘zbekiston neft va gazi – OGU-2023” va “Energetika, energiyani tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan – 2023” xalqaro ko‘rgazmalari tashkil etildi.
O‘zA muxbiri ushbu xalqaro tadbirlar tashkil etilishi va ahamiyati haqida ishtirokchilarning fikrlari bilan qiziqdi.
Nigora HASANOVA – “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori:
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha qator vazifalar belgilangan. Kuni kecha o‘z ishini yakunlagan O‘zbekiston ikkinchi xalqaro energetika forumi doirasida “O‘zbekiston neft va gazi – OGU-2023” va “Energetika, energiyani tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan – 2023” xalqaro ko‘rgazmalari aynan shu ustuvor vazifalar ijrosiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ko‘rgazmalarda 22 davlatdan 270 dan ortiq kompaniya va korxonalar o‘z imkoniyatini namoyish etdi. Energetika forumi va uning doirasida o‘tkazilgan yalpi sessiya va anjumanda Avstriya, Ozarbayjon, Armaniston, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Niderlandiya, BAA, Xitoy kabi 24 davlatdan 50 nafar ma’ruzachi va 500 nafardan ortiq delegat qatnashdi.
Forum ishtirokchilar uchun zamonaviy neft-gaz va energetika sohasining dolzarb masalalari, jumladan, jahon neft-gaz sanoati, toza va barqaror energiyaga o‘tish muammolari bilan bir qatorda, davlat-xususiy sheriklik va investitsiyalarni jalb etishga yechim topishda katta muloqot maydoni bo‘ldi.
Ta’kidlash kerakki, muqobil manbalardan olinadigan energiya ulushini 2026 yilga qadar umumiy ishlab chiqarish hajmida 25 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Energetika sohasida bunday muhim tadbirlarni o‘tkazish sanoatning so‘nggi yangiliklari va rivojlanish tendensiyalarini aks ettiruvchi voqealar sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Ishonamanki, O‘zbekiston ikkinchi xalqaro energetika forumi va ko‘rgazmalari neft-gaz, tog‘-kon va energetika tarmoqlarini rivojlanishiga xizmat qiladi.
Abdulaziz Al-OBAIDLI – Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bosh operatsion direktori:
– O‘zbekistonda ko‘plab ajoyib loyihalarimiz bor. 2019 yilda biz quyosh fotoelektr stansiyasiga sarmoya kiritdik. Ushbu stansiya 2021 yildan buyon faol ishlamoqda.
Hozir Tomdi tumanida shamol elektr stansiyasi loyihasi ustida ishlayapmiz. Bu Markaziy Osiyodagi eng yirik va birinchi stansiya hisoblanadi.
Shuningdek, “Masdar” O‘zbekistonda umumiy quvvati 1147 MVt bo‘lgan 4 ta quyosh fotoelektr stansiyasini quradi. Bu esa Markaziy Osiyo mintaqasidagi quyosh elektr stansiyalari uchun eng yirik loyihalardir.
Shuningdek, Samarqandda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Energetika vazirligi bilan quyosh va shamol elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi va kelishuvlarga erishildi.
Avval aytib o‘tganimdek, biz hukumat bilan yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Bu tijorat loyihalari. Ammo kompaniyamiz mas’uliyatli investor sifatida O‘zbekistonning kadrlar salohiyatiga sarmoya kiritishni ham rejalashtirgan.
Toshkentda bizning ofisimiz bor, u yerda aksariyat O‘zbekiston fuqarolari ishlaydi. Bizning Zarafshonda ham platformamiz bor. U yerda mahalliy hamjamiyatlarni faol qo‘llab-quvvatlaymiz.
Deyv OLMSTED – Kanadaning “Stream-Flo Industries Ltd.” kompaniyasining xalqaro savdo bosh menejeri:
– Ochig‘ini aytganda, “O‘zbekiston neft va gazi – OGU-2023” xalqaro ko‘rgazmasi biz uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Bu yerda mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilar o‘zaro muloqot qildi va tanishdi.
Yurtingizda o‘tkazilgan ko‘rgazmada ilk bor qatnashdik. Bunga qadar bizning hamkorlarimiz soha ko‘rgazmalarida ishtirok etgan. Ular ishtiroki bizga turtki berdi va ushbu namoyishda mahsulotlarimizni taqdim qildik.
“Stream-Flo Industries Ltd.” kompaniyasi haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, u 62 yildan buyon xalqaro bozorda o‘z o‘rniga ega. Kompaniyamiz jahon neft va gaz sanoati uchun quduq boshi klapanlari, shlyuziv klapanlar, nazorat klapanlari va sirt relef klapanlarini ishlab chiqaradi.
Shu bilan birga, bizning bir martalik xizmatlarimiz – dalaga texnik xizmat ko‘rsatish va o‘rnatish, ta’mirlash, mijozlar mulkini boshqarish kabilarni o‘z ichiga oladi. Hozirgi kunda kompaniya 50 davlatga o‘z mahsulotini yetkazib bermoqda.
Kompaniya o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi mijozlar bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish va ular duch keladigan murakkab muammolarga moslashtirilgan yechimlarni taqdim etish orqali energetika sanoati ravnaqiga hissa qo‘shishdir.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi