Joriy yilning 25-28 may kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida “Rally Muynak” xalqaro ekstremal avtomobil musobaqasi bo‘lib o‘tadi.

Musobaqada 40 ta avtomobil, 20 dan ortiq mototsikl va 10 ta baggida 150 ga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.

An’anaviy musobaqa  ilk bor to‘rt kun davom etadi. Avtopoygachilar, sayyohlar va tomoshabinlar uchun sermazmun dastur ishlab chiqilgan. Kunduz kunlari avtomobil, baggi va mototsikllarda ekstremal musobaqalar, gastronomik mahorat darslari, kechqurunlari esa mashhur didjeylar ijrosida elektron musiqa konsertlari  bo‘lib o‘tadi.

Poyga yo‘lining umumiy uzunligi 425 kilometrni tashkil qiladi. Poygachilar Ustyurt tekisligining qurib bitkazilmagan yo‘llarini kesib o‘tishlari va Orol dengizining qurigan tubi bo‘ylab harakatlanishlari lozim bo‘ladi. Motokross va avtokross musobaqalari maxsus trassada o‘tkaziladi.  Musobaqada dvigatel hajmi 1600 va 2000 sm3 bo‘lgan maxsus jihozlangan sport mashinalari, motor hajmi 1600 sm3 bo‘lgan baggilar va dvigatel hajmi 125 dan 500 sm3 gacha bo‘lgan mototsikllar ishtirok etishiga ruxsat berilgan.

28 may kuni  “Rally Muynak” poygasining tantanali yopilishi va g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

 

Roman BONDARCHUK, O‘zA