Kuni kecha poytaxtimizda “Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni tatbiq etish” II Xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zA muxbiri mazkur forumda ishtirok etgan Oksfordning “Qashshoqlik va inson taraqqiyoti” tashabbusi asoschisi Jeyms Foster bilan suhbatlashdi.

Hozirgi vaqtdagi iqlim o‘zgarishi ko‘p tadqiqotchilar orasida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ba’zi tadqiqotchilar iqlim o‘zgarishi kambag‘allikni keltirib chiqaradi, degan fikrda. O‘zbekiston sharoitida iqlim o‘zgarishi kambag‘allikni keltirib chiqaradimi?

–Iqlim o‘zgarishi chindan ham muhim muammolardan biri. O‘zbekiston sharoitida iqlim o‘zgarishining oldini olish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tizimli ish olib borish kerak. Bularning ikkalasini birgalikda olib borgan holda yechim topish zarur.  Bu juda katta mashaqqat talab etadi.

Avvalo, ekologik inqirozning oldini olish choralarini ko‘rish zarur. Atrof-muhit hamda atmosferaning zararlanishi bugungi kunda butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Havoning ifloslanishi inson salomatligi uchun eng jiddiy ekologik xavf sanalib, havoning tozaligiga erishish dunyodagi o‘lim va kasalliklarning oldini olishi mumkin bo‘lgan sabablardan hisoblanadi. Chunki, ifloslangan havodan nafas olish yurak-qon tomir kasalliklari, insult, o‘pka saratoni va boshqa nafas yo‘li kasalliklariga olib keladi. Atmosfera havosining ifloslanishi, shuningdek, iqtisodiyot, oziq-ovqat xavfsizligi va atrof-muhit uchun ham xavf tug‘diradi. Bu omillarning barchasi kambag‘allikni keltirib chiqaradi.

Rivojlangan davlatlarda iqlimni zararlaydigan avtomobil ishlab chiqarilishiga chek qo‘yilmoqda. Masalan, Yevropa davlatlarida avtomobilsiz kunlar tashkil qilinadi. Qator rivojlangan davlatlarda eski avtomobillar butunlay yo‘q qilinmoqda. Uning o‘rniga zararli tutunni ichida olib qoladigan filtrli mashinalar, elektromobillardan foydalanilmoqda.

Mamlakatingizda iqlimga zarar yetkazadigan mashinalar ishlab chiqarish va foydalanishga chek qo‘yilishi kerak. Aslida iqlim o‘zgarish muammolari bilan nafaqat ma’lum bir soha mutaxassislari, balki har bir inson bu muammolar ustida izlanishi va kurashishi zarur.

Kambag‘allikni qisqartirishning asosiy va eng muhim omillaridan biri bu – ta’lim. Shundan kelib chiqib, mamlakatingiz avvalo ta’limga jiddiy e’tibor qaratishi kerak. Chunki, kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi omillar sirasiga eng avvalo savodxonlik darajasi kiradi. Umuman olganda, ta’lim, yosh va kasb kabi omillar insonlar daromadlari tabaqalanishida asosiy sabab bo‘ladi. Birgina oliy ta’lim olganlik, kambag‘allik va minimal qashshoqlikdan saqlanishga imkon yaratadi.

Kambag‘allikni aniqlashga yordam beradigan omil sifatida daromadlarning shakllanishiga e’tibor qaratish muhim hisoblanadi. Har bir davlat birinchi navbatda munosib ish o‘rinlarini yaratishi va mehnatga yarasha haq to‘lashning tizimli mexanizmini ishlab chiqishi kerak. Bu esa kambag‘allikni bartaraf etishda asosiy rol o‘ynaydi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA